AQShning "FLEX" almashinuv dasturi bo'yicha Qirg’iziston o'quvchilari bir yil Qoshma Shtatlarda yashab, tengdoshlari bilan muloqotda bo’ladi, bilimini oshiradi. Aksar mahalliy mutaxassislar aynan ilm-fan, maorif sohasida Amerikaning ko’magi Qirg’iziston uchun muhim, deydi.
Your browser doesn’t support HTML5
O’shlik talaba Zamira bunday ta’lim dasturlariga qiziqish bilan qaraydi.
“Amerikada o’qish-o’qitish darajasi baland. Talabalar erkin, o’zlari harakat qilib o’qiydi. U yoqlarda bilim olgan kishilarning fikrlash darajasi ham boshqacharoq bo’lib, ko’p hollarda o’z ishlarida muvaffaqiyatga erishadi. Ko’rib turibmiz - o’sha tomonlarda o’qib kelganlar yaxshi-yaxshi o’rinlarni egallashyapti”, - deydi u.
Yosh tilshunoz Bahodir Amerikada malaka oshirgan.
“Bilim olish yoshlar uchun juda muhim, AQSh ta’lim dasturlari izlanuvchan yoshlarimiz kelajakda biron narsaga erishishi uchun imkoniyat yaratadi. Yigit-qizlarimiz u erga borib, ko’p narsalarni ko’radi, o’rganadi. Buni men o’z tajribamdan bilaman”, - deydi Bahodir.
O’sh shahri yoshlarining yetakchilaridan biri Sonunbek Junusbayev maorif hamda ilm-fan sohasida Qirgiziston-Amerika aloqalarini kengaytirish tarafdori.
Uningcha, Qirg’iziston yoshlari Qo'shma Shtatlarda ta’lim olishi uchun bir necha dastur mavjud. FLEX - ulardan biri.
“Ushbu dasturlar yigit-qizlarimizga til o’rganish, chuqur bilim olish, o’z dunyoqarashini kengaytirish, qolaversa, biroz pul ishlab olish imkonini beradi - har xil ish topilib turadi”, - deydi Sonunbek.
Ayni paytda suhbatdosh Bishkek o’zaro hamkorlik sohasida imtiyozlar borasida AQSh bilan tuzilgan kelishuvni bekor qilganidan taassuf bildiradi. Uningcha, bu qadam maorif hamda salomatlikni saqlash jabhalaridagi hamkorlik ko’lamiga ham salbiy ta’sir etishi ehtimoldan xoli emas.
Qirg’iziston va Amerikaning maorif sohasida aloqalarida yana qanday yo’nalishlar nazardan chetda qolayapti? Foydanilmayotgan qanday imkoniyatlar ko’zga tashlanadi?
O’shlik talaba qiz Zamiraning aytishicha, Qo'shma Shtatlarda o’qish yoki malaka oshirish uchun otlanayotgan yosh qirg’izistonliklar, asosan, gumanitar sohalar - ijtimoiy fanlar, adabiyot, siyosatshunoslikni tanlaydi. Aniq fanlar, texnika va zamonaviy texnologiya, tibbiyot, iqtisodni o’rganayotganlar barmoq bilan sanarli.
Suhbatdosh fikricha, aytilgan sohalarda iqtidorli yoshlar biron loyiha asosida AQShga o’qishga yuborilsa yaxshi bo’lar edi.
Mahalliy matbuot xorijda, ayniqsa, rivojlangan G’arb mamlakatlarida ta’lim olayotgan yoshlar aksar hollarda o’sha yurtlarda qolib ketayotganidan tashvish bildirib keladi.
Zamira bu taassuflarga qo’shiladi. Uningcha, chet o’lkalarda olingan bilim, tajriba ona vatan taraqqiyotiga xizmat qilishi darkor.
Yosh tilshunos Bahodir deydiki, ertami-kechmi, xorijda o’qigan yoshlar ona yurtga kerak bo'ladi. Vaqti kelib, ko’plari uylariga puxta bilim bilan qaytadi.
Qaytmagan chog’ida ham, ular olgan bilim, ular to’plagan tajriba odamlar manfaatlarini ko’zlaydi, insoniyat taraqqiyotiga ozmi-ko’pmi hissa qo’shadi.