Okean mo’jizalari, siz bilmagan mavjudotlar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Okeanlardagi g'aroyib mavjudotlar - Ocean life

Okeanlar yer yuzining uchdan ikki qismini qoplagan, oziqaning bitmas-tuganmas manbai. Ammo inson faoliyati natijasida dengiz va okeanlar ifloslandi, iqlim o’zgarishi tufayli tubdan chiqadigan gazlar suvni nordon, demak kam mahsul qilib yubordi. Olim va uning yozuvchi o’g’li yozgan kitob aynan shu masalalar haqida. “Dengizdagi favqulodda hayot” nomli ilmiy-ommabop asar mualliflari Vashingtondagi Smitson tabiiy tarix muzeyida “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashdi.

Muzeyning okeanga bag’ishlangan zalida suratlar tirilayotganga o’xshaydi. Ularni yaratgan mutaxassislar okean sirlarini ochib berishga bel bog’lagan, deydi yozuvchi Toni Palumbi.

“Eng ajoyibu-g’aroyib jonzotlarga qarab, tabiat nimalarga qodirligini tushunish mumkin”.

Ota va o’g’il okeandagi antiqa mavjudotlarni o’rganadi. Masalan, 20 million yil avval yashagan mana bu bahaybat megalodon akulani olaylik. Uning xanjardek o’tkir tishlari bo’lgan, deydi Stenford universitetidan olim Stiv Palumbi.

“Ustaradan uch baravar o’tkirroq tishlar qanday chiqadi? Akulada esa bunday tishlar juda ko’p. Umrining oxirigacha yangisi chiqaveradi, chunki eskilari o’tmaslashar ekan, tushib ketadi. Ularning tomog’idan yangi tishlar o’sib, so’ngra milkni yorib chiqadi. O’sha o’tkir tishlar bu”.

Yer yuzidagi eng qadimgi jonzot dengiz qa’rida yashaydi va Gavayi orollari yaqinida uchraydi. Qora korall. 4200 yildan beri bor. Eng tez harakatlanuvchi jonzot esa yelkan baliq. O’ljani quvganida tezligi soatiga 60 kilometrga yetadi.

“Kichik baliq ketidan tushganda bir soniyaning 30 dan bir qismi ichida unga yetib oladi va hamlab yutadi. Demak, miyasi nihoyatda tez ishlaydi. Ko’zlari ham juda tez ishlaydi,” - deydi Stiv Palumbi.

Bu baliqlarning ko’zi orqasida va miyasi ustida isituvchi organi bor. Ko’z va miya isiganida tana tezroq harakatlanadi.

Eng chidamli jonzotlardan biri - qora suzgichli muzdek bu baliq sovuq suvlarda yashaydi. Qoni muzlab qolmasligi uchun tanasi anti-friz rolini bajaradigan oqsil modda ishlab chiqaradi. Pompeya chuvalchangi esa okeandagi gidrotermal quduqlarda yashaydi.

“Boshi muzdek suvda, undan 2,5 santimetr bu yoqda esa dumi issiq suvda. Okean tubida mana shunday qora tutun yoki issiq suv chiqadigan quduqlar uchraydi. U dumini o’sha suvga tiqib oladi,” - deydi Stiv Palumbi.

Bu g’aroyib mahluqlar - okean jonivorlari. Ular haligacha to’liq o’rganilmagan. Vaholanki ayrimlari o’ta ko’p baliq tutish, suvlarni ifloslash yoki iqlim o’zgarishi sababli yo’qolib ketishi mumkin. Ularni qutqarish uchun dengizlardagi qo’riqxonalarni ko’paytirish kerak. Buning uchun esa siyosiy iroda zarur, deydi Stiv Palumbi.

“Bu jonivorlar, masalan, baliqlar, insonlar iste’moli uchun yaratilgan, deyish o’rniga ularni hamkor sifatida ko’rish kerak. Ular biz uchun foydali ekanini tushunaylik. Biz aynan shu hamkorlikni qayta tiklamoqchimiz,” - deydi u.

Okean kelajagi bizning qo’limizda. Uni himoyalash insoniyatni asrab-avaylash degani, deydi olimlar.

Chayon