Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida o’tgan uchrashuvlarda biznes va siyosiy yetakchilar savdo, sarmoya va texnologiya sohalarida hamkorlikka urg’u berishdi. Davlatlar o’rtasida integratsiya bo’lmasa, atrof-muhit muhofazasi, iqtisodiy taraqqiyot kabi masalalarda oldinga qadam tashlash ham qiyin bo’ladi.
Blumberg global biznes forumida qatnashgan yetakchilar xalqaro savdo va globallashuv jarayonlarini himoya qildi.
“Global muammolar talay: iqlim o’zgarishi, migratsiya, terrorizm. Bularni hal qilish uchun birgalikda ishlash kerak”, - deydi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron.
AQSh sobiq prezidenti Bill Klintonning aytishicha, ayrimlar o’zini globalizatsiyadan chetda qolib ketayotgandek his qilayotgani ham rost.
“Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yakkalanib qolganlar ko’pchilikni tashkil etadi. Ularga kelajakning bir qismiga aylanishi uchun yordam kerak”, - deydi Klinton.
“Alibaba” kompaniyasi direktori Jek Ma forumda texnologiya va ish o’rinlari haqida so’zladi.
“O’tgan 30 yil ichida globalizatsiya mevasidan, asosan, yirik korporatsiyalar bahramand bo’ldi. Kelasi 30 yilda esa, bizdagi ma’lumotlar shuni ko’rsatmoqdaki, kichik bizneslarning kamida 60 foizi bu jarayonlardan foyda ko’radi”, - deydi u.
Yevropa Ittifoqi rasmiysi Federika Mogeriniga ko’ra, Breksit hamda “Amerika birinchi” degan shior Yevropaning jipslashishiga olib keldi.
“Shunga guvoh bo’lyapmizki, yetakchilik deganda dunyo Yevropaga qaramoqda. Biz bunga qodirmiz, o’zimizga ishonchimiz oshdi”, - deydi Mogerini.
“Apple” kompaniyasi rahbari Tim Kuk iqtidorli immigrantlar Amerikaga kerak, deydi.
“To’siqlarni olib tashlab, ular uchun darvozani keng ochish kerak”, - deydi u.
Kelajakka umid bilan qarash kerak, deydi “Apple” rahbari, chunki texnologiya xalqlar va jamiyatlar birga ishlashini osonlashtiradi.