AQShda qurollarga oid qonunlarni o'zgartirish nega qiyin?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Qurolga egalik va nazorat

Prezident etib saylanganidan beri Barak Obama 15 otishma yuzasidan bayonot berdi. Eng so’nggi shunday voqea Oregon shtatidagi kollejda yuz berib, 10 odamning boshini yedi. Mamlakat bo’ylab qurollar nazoratini kuchaytiradigan qonunlar qabul qilinsin, degan fikrlar yangramoqda. Ammo Kongress uchun qonunlarni o’zgartirish oson emas.

Otishmalar AQShda tez-tez bo’lib turadi. Oregondagisida 10 kishi nobud bo’ldi. Har gal Obama qonunlarni o’zgartiraylik, deydi.

“Kongress hamda shtatlar qonunchilik organlari va gubernatorlari men bilan bu masalada hamkorlik qilishi kerak,” - dedi u Oregondagi otishmadan keyin.

Ammo bu oson emas. Sabablar uchta. Birinchisi – an’ana.

Konstitutsiyaga kirgan ikkinchi tuzatish amerikaliklarga qurolga egalik qilish huquqini beradi. Vin Veber – sobiq respublikachi qonunchi hamda lobbichi.

“Bu Amerikadagi afsonalardan biri. Quroli bor odam - haqiqiy amerikalik degan tasavvurni aytyapman,” - deydi u.

Ikkinchi sabab – Milliy qurol uyushmasi. Bu tashkilot so’nggi uch yilda qurolga egalik huquqini saqlab qolishni ta’minlash maqsadida 10 million dollar sarfladi. Tashkilot byudjeti 300 million dollar. To’rt million a’zosi bor.

“Juda qudratli tashkilot, chunki uning ortida haqiqiy odamlar turibdi. Bu odamlar siyosiy jarayonlarda faol qatnashib, fikrini bildira oladi, ovoz beradi,” - deydi Veber.

Odatda demokratlar qurol nazoratini kuchaytiradigan qonunlarni ilgari suradi. Respublikachilar esa qarshilik bildiradi.

Demokrat Chak Schumer: “Amerika xalqi o’z fikrini bildirmasa, boshi berk ko’chaga kirib qolgan bu masala hal bo’lmaydi”.

Bu uchinchi sabab. “Pew” tadqiqotlar markaziga ko’ra, amerikaliklar orasida bu masalada yakdillik yo’q. So’ralganlarning 52 foizi - qurolga egalik tarafdori.

“Ba’zi amerikaliklar quroli bor bo’lsa, o’zini xavfsizroq his qiladi,” - tushuntiradi "Pew" tashkilotidan Kerrol Doerti.

“Janob prezident, hadeb shikoyat qilmasdan, chora ko’rishingizni istardik,” - deydi bir guruh a'zolari. Ular Obamadan Kongress bilan maslahatlashib o’tirmay, qurol ishlab chiqaradigan kompaniyalarga bosim o’tkazishni so’rayapti. Kompaniyalar kimga sotayapti – jamoatchilik bilsin, jinoiy qurollar tarmog’i fosh qilinsin.

“Qurolarni nazorat qiling, demayapmiz. Qurollarning jinoyatchilar qo’liga tushmasligini ta’minlashni talab qilamiz,” - deydi guruh a'zosi, ruhoniy Entoni Bennett.

Masala hal bo’lmagunicha otishmalar davom etaveradi, deydi ko’plar. Ammo u qanday hal bo’lishi hozircha aniq emas.