2018-yilda Amerika maktablarida 94 ta otishma yuz bergan. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligiga ko’ra, ko’rsatkichlar oldingi yillardan yuqori. Maktablarda zo’ravonlik ortib borarkan, qurolga egalik qoidalarini kuchaytirish kerak degan bahslar kuchaygan. Qurol savdosi esa avjida.
Qurol ishqibozlari Virjiniya shtatida o’tgan yarmarkaga to’plandi. Ko’rgazmada o’q-dorilar va qurol anjomlari ham savdoga qo’yilgan.
“Otishni, turli qurollar ishlatishni yoqtiraman”, - deydi tomoshaga kelganlardan biri.
Qurol egalarining aytishicha, bu nafaqat konstitutsion huquq, shuningdek, amerikaliklarning o’ziga xos jihatidir.
“Qurol madaniyati haqiqiy amerikaliklarga xos narsa. Vatanimizni yaxshi ko’ramiz, masalan men. Qurol ko’tarib yurish bizga meros. Bu biz uchun bir qadriyat”, - deydi Tom ismli qurol ishqibozi.
Qurol sotuvchi Obid G’ofur asli pokistonlik. Amerikalik sifatida deydiki, qurol shaxsiy himoya uchun kerak.
“Kimdir to’pponcha o’qtalsa, tayyor turaman. Menda ham qurol bo’lsa, o’zimni asrayman”, - deydi u.
Qurol nazorati tarafdorlarining aytishicha, qurol sotib olish oson. Qonunlarni kuchaytirish ommaviy otishmalarning oldini oladi. O’tgan yili Florida maktablaridan biridagi qatliomda 17 nafar insonning yostig’i qurigan.
Otishmadan omon qolganlar qurol nazorati qonunlari, ayniqsa qurolga egalik qilmoqchi bo’lgan shaxsni izchil tekshiruvdan o’tkazishni talab qilib chiqqan.
“Boshqalarga qarab o’tirmasdan, o’z huquqingiz uchun kurashing”, - deydi tadbir tashkilotchisi Emma Gonzales.
Vakillar palatasining Adliya qo’mitasi xavfsizlik tekshiruvining majburiyligini ta’minlovchi qonun loyihasini taqdim etdi. Boshqa tomonda esa qurolga egalik huquqini talab qilayotgan amerikaliklar. Federal qidiruv byurosiga ko’ra, oxirgi 20 yilda qurol savdosi 83 foizga ortgan.
Qurol ko’rgazmasi tashkilotchilari nazarida qonunlar ishlaydi.
“Kelishadi, xohlagan qurolni tanlab, hujjatlarni to’ldirib ketishadi. Hujjatlar politsiya qo’liga boradi, ular qurol istagan shaxsni tekshiradi. Shtat ruhiy salomatlikka jiddiy qaraydi. Federal qidiruv byurosi izchil nazoratdan o’tkazadi”, - deydi Anet Elliot.
Qurolga egalik qilish qoidalariga ko’ra, savdoga qo’yilishi mumkin bo’lgan o’qning o’lchami har shtatda har xil.
Har safar katta bir otishma ketidan qurol nazorati va qonunlarni kuchaytirish kerak, degan harakat kuchayadi, lekin uzoq davom etmaydi.
Amerika azaldan bu borada qoq ikkiga bo’lingan: ommaviy so’rovlarda respondentlarning yarmi qurolga qarshi, yarmi unga egalikni yoqlaydi.