Oq uyning e'lon qilishicha, maktablarda ko'riladigan xavfsizlik choralari stadion, aeroport va hukumat binolaridagi kabi kuchaytiriladi. Prezident Donald Tramp rejasiga ko'ra, o'qituvchilar va maktablarning boshqa xodimlari o'quvchilarni himoya qilish uchun qurol ishlatishga o'rgatiladi. Ammo bu rejada qurollarni cheklashga e'tibor qaratilmagan. Floridaning Parklend shahrida yuz bergan ommaviy otishma ortidan maktablarda bu kabi fojialarning oldini olish chora-tadbirlari ko'rilmoqda.
Florida maktabida yuz bergan dahshatli otishmadan bir oy o'tib shtat gubernatori Rik Skot qurol nazoratini kuchaytirish haqidagi qonunga imzo chekdi: xaridorlarning yoshi 18 dan 21 ga ko'tarildi, uch kunlik kutish muddati joriy etildi. Qonun ijroga kirib-kirmasdan, Milliy qurol uyushmasi uni bekor qilishni so'rab sudga shikoyat qildi. Prezident Tramp ham qurol oluvchilar yoshini oshirish taklifini qo'llab-quvvatlamoqda.
Ammo 12-mart kuni e'lon qilingan Oq uy rejasida qurol nazoratini kuchaytirish haqida gap-so'z yo'q. Xaridor haqidagi ma'lumotni tekshirishni yaxshilash, ruhiy sog'lik dasturlarini kengaytirish hamda maktab xodimlarini qurol ishlatishga o'rgatish tilga olingan, xolos.
"Yaxshiroq trening va tayyorgarlik orqali maktablarimiz xuddi aeroport, stadion va hukumat binolari kabi xavfsiz bo'lishini ta'minlaymiz", - dedi Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.
Tayyorgarlik deganda o'qituvchilarni qurol otishga o'rgatish nazarda tutilmoqda. Texasda allaqachon bu borada ishlar boshlangan. Ta'lim vaziri Betsi Devosning aytishicha, o'qituvchilarga qurol berish-bermaslik masalasi mahalliy darajada hal qilinishi kerak.
"Bunday yondashuv har bir joyga to'g'ri kelmasligi mumkin, lekin Texas yoki Floridaning Polk okrugi kabi joylar shunday chora qo'llashga qaror qildi", - deydi u.
Kongressdagi demokratlar Trampni qurol uyushmasi talablariga bo'ysunayotganlikda ayblamoqda.
"Ular avval prezidentga chiqishadi. Bilamiz, Respublikachilar partiyasi qurol uyushmasining og'ziga qarab o'tiradi. Respublikachi do'stlarimiz bu uyushmani xafa qilmaydigan ishlar qilishga urinadi", - deydi Senatdagi demokratlar sardori Chak Shumer.
Mamlakat bo'ylab o'quvchilar va faollar hukumatdan qurol uyushmasiga ko'proq bosim o'tkazishni so'ramoqda. Ayrim siyosatchilar "labbay" deb javob qaytaryapti. Chikago meri Illinoys gubernatorini Floridadan o'rnak olishga undadi.
"Tamaki do'konlari, ichkilik do'konlaridan litsenziya talab qilamiz. Sartaroshlarga guvohnoma beramiz. Gubernator imzo cheksa, qurol sotuvchi do'konlarni ham litsenziyalash kerak", - deydi Chikago meri Ram Emmanuel.
Trampning aytishicha, agar yoshni cheklash bo'yicha Kongress chora ko'rmasa, shtatlar bu haqda mustaqil qaror berishi mumkin.