AQShda 300 milliondan oshiq aholi bo’lsa, shundan 37 millioni kar. Ularning ko’pchiligi ishlaydi. Qonunan har bir korxona, xususiy yoki davlat organi bunday insonlarning to’laqonli faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratib berishi kerak.
Yaqinda Nyu-Yorkda bo’lib o’tgan yirik anjumanda shifokor olimlar eshitish qobiliyati cheklangan yoki undan butkul mahrum bo’lgan odamlarga yordam berishning yangi yo’llari haqida fikr almashdi.
Nyu-Yorkda tanilgan bastakor Jey Alan Zimmerman asarlari mashhur sahnalarda sahnalashtirilgan. Bu san’atkorni “Brodvey Betxoveni” deyishadi. Chunki u buyuk nemis bastakori singari kar.
Uning asarlaridan biri “Robot” deb ataladi, sun’iy moslama taqqan inson.
“Masala aynan shunda: qulog’imga sun’iy moslama o’rnattirib, robotga aylanaymi? Agar bu bilan eshitish qobiliyatim qaytganida, rozi bo’lardim”,- deydi Zimmerman.
Yaxshi eshita olmaydigan bastakor suhbatdoshining lablariga diqqat bilan boqadi. Musiqa bastalayotganida, faqat tovush bilan emas, balki nur, yorug’lik bilan ham o’z his-tuyg’ularini ifodalashga harakat qiladi.
Qulog’i ichidagi nozik soch tolalari tovush to’lqinlarini miyaga uzatadi. Shu tolalarning zaiflashishi Zimmermanning eshitish qobiliyatini pasaytirgan. Quloq ichiga jajji protez o’rnatiladi va odam yana eshita boshlaydi. Lekin uning eshitish qobiliyati hech qachon to’la bo’lmaydi.
Zimmerman olimlar yaxshiroq vosita ixtiro qilishini kutmoqda. Tadqiqotchilar esa buning ustida allaqachon ishlay boshlaganini, parranda ularga umid baxsh etganini aytadi.
Vashington Universiteti tibbiyot fakulteti professori Mark Vorkol yangi izlanishlar va samara haqida bizga gapirib berdi.
“Qush qulog’ining qiziq bir qobiliyati bor. U zaiflashgan yoki zararlangan retseptorlarni qayta tiklay oladi. Masalan, qushning qulo’gi kar bo’lib qolsa, bu uzoq davom etmaydi. Bir necha haftadan so’ng o’lik yoki zaif hujayralar yangilanadi”.
Ammo parrandadan farqli o’laroq, odam organizmida asab hujayralari qayta tiklanmaydi.
Ilmiy tajribalar odam terisi, ichaklari va jigar hujayralari qayta tiklanish qobiliyatiga ega ekanini isbotlagan.
Beylor Tibbiyot Instituti mutaxassisi Endryu Grovs deydiki, olimlar shunday qobiliyatni asab hujayralarida ham rivojlantirishga harakat qilmoqda.
“Muammoni ikki sodda jarayonga ajratish mumkin. Birinchisi: ta’mirlash uchun ko’proq hujayra talab qilinadi. Demak, hujayralar bo’linib, ko’payishi kerak. Ularning bo’linishiga nima turtki bo’ladi va qaysi damda ular bo’linishdan toxtaydi? Shuni aniqlash zarur”,- deydi olim.
Bu muammo hal etilishi uchun yana ancha izlanish lozim. Kamida 10 yil vaqt va millionlab dollar mablag’ kerak.
Bastakor Jey Alan Zimmerman esa operatsiyaga ko’nmayapti. U kasallikka qarshi davo topilishini kutmoqda. Musiqa bastalab, o’z ijodini xalq bilan baham ko’rishda davom etmoqda.