Obamaning immigratsiyaga doir farmonini sudda uzoq kurash kutayapti

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Obamaning deportatsiya haqidagi farmoniga to'siq qo'yildi

Prezident Barak Obamaning millionlab hujjatsiz muhojirlarni deportatsiyadan himoya qiluvchi farmoni shu oy kuchga kirishi kerak edi. Lekin federal sudya farmonni to'sdi. Tortishuvlar kuchaygandan kuchaymoqda. Farmon tarafdorlari va qarshilar fikrida qat'iy turib olgan.

Immigrant jamoalarda prezident farmonini hujjatsiz muhojirlarga izohlaydigan seminarlar paytida hozir kayfiyat tushkun. Odamlarning orzulari osmon edi. Lekin hujjatni to'sib qo'yishdi. Arizonadagi Idalia Servantes Meksikada tug'ilgan ota-onasi deportatsiyadan qutqarib qolinadi, deya umidvor edi.

"Dilimiz xun. Federal sudyaning qarorini eshitib, ko'zimga yosh kelib ketdi", - deydi u.

Oq uy ham ilojsiz.

"Federal sudning fikrini eshitamiz. Ish bir yoqli bo'lgunicha, immigrantlardan hujjatlar qabul qilmay turamiz", - deydi prezident Obama.

Muhokama biroz vaqt talab qiladi, deydi Massachusets universitetidan huquqshunos Pol Kollins:

"Bu qonun juda murakkab. Oliy sudgacha olib chiqilsa va muhokama boshlansa, yarim yoki bir yilgacha davom etishini aniq".

Ungacha Stiven Rodrigez kabi hujjatsiz immigrantlar taqdiri havoda muallaq qoladi. Stiven bolaligida Meksikadan olib kelingan, bugun qonuniy ish topolmayapti.

"Ish qidirib boraman, hech kim yollamaydi", - deydi Stiven.

Immigratsiya tizimini isloh qilish kerak degan fikrda hamma mushtarak. Lekin Kongress buning yo'llari ustida hech kelisha olmayapti. Biroq bu prezident qonunchilar bilan maslahat qilmay farmon chiqarishi mumkin degani emas, deydi respublikachi Lamar Smit.

"Prezident nima dedi? Hujjati yo'q muhojirlarga ishlash uchun ruxsat bermoqchi, ular mamlakatda qolishiga ijozat bermoqchi. Ularga imtiyozlar yaratmoqchi. Bunaqasi ketmaydi", - deya uqtiradi respublikachi.

Farmon ustidan sudga berganlar konstitutsiyaviy tartibni himoya qilayapmiz, deydi. Arizonadan prokuror Mark Brnovich:

"Konstitutsion masala bu. Faqat immigratsiyaga oid masala emas. Prezident huquqiy muammolar yuzasidan birov bilan maslahat qilmay, o'zboshimcha qaror qabul qilolmaydi".

Barak Obama esa so'zida turmoqchi:

"Qonun bizning tarafimizda, tarix bizning tarafimizda. Sud hukmi yuzasidan apellyatsiyaga beramiz. Bu tortishuvlar hal qilingach, farmon to'liq kuchga kirishini ta'minlaymiz".

Shu paytgacha sudlar Obamaning pozitsiyasini yoqlab kelayotgandek edi.

"Federal sudlar hukumatning immigratsiya yuzasidan siyosatini hurmat qilib kelayotgan edi", - deydi Kollinz.

Hozir immigrant jamoalar oldidagi asosiy vazifa: hujjatsiz muhojirlarni panaga qochmay, xabar almashishda davom etishga ko'ndirish.

"Kurashni davom ettiraman. Butun jamoamiz menga dalda berib turibdi, ota-onamning qolishi uchun hammamiz kurashamiz", - deydi Idaliya Servantez.