Davlat departamenti ayollar himoyasiga e’tiborni oshiradi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Davlat departamenti ayollar himoyasiga e'tiborni oshiradi/Nasiba Tohir


Davlat departamenti ayollarga qarshi zo’ravonlik bilan kurashga e’tiborni oshirmoqda. Jabr ko’rgan odamlar nimaga muhtoj? Jismoniy zug’um ehtimoli bilan yuzlashayotgan ayollarga qanday yordam bersa bo’ladi?

AQSh Davlat departamenti jinsiy zo’ravonlikka yo’liqqan odamlarga tezkor yordam ko’rsatmoqchi. Davlat kotibi muovini Vilyam Berns dasturni tanishtirar ekan:

“Jabrlangan insonlarga moliyaviy, tibbiy madad, boshpana, ijtimoiy, ruhiy va huquqiy yordam beramiz”, - dedi.

Bir necha gumanitar tashkilot, jumladan, “Avon” jamg’armasi loyihani yuritadi. Alise Nelson ishlaydigan “Vital Voices” xalqaro tashkiloti ana shulardan.
“Faqat nodavlat tashkilotlar va mahalliy yetakchilar bu muammo bilan shug’ullangani yetarli emas. Yirik korporatsiyalar, xalqaro guruhlar va hukumatlar oraga tushib, ayollarga qarshi zolimlikni to’xtatishi lozim. Bundan hamma birday manfaatdor”, - deydi u.

“Vital Voices” tashkilotidan Sindi Dayer so’zlariga ko’ra, xotin-qizlarni ezish amaliyoti har bir davlatda uchraydi va buni to’xtatishning birgina yo’li - aybdorlarning jazosini berish. Davlat departamentining yangi tashabbusi shuni ko’zlaydi.

“Bir million dollardan oshiq pulimiz bor. Avon jamg’armasi qo’llab-quvvatlovida esa xotin-qizlar himoyasi bilan mashg’ul advokatlar, huquq faollariga mashqlar o’tkazamiz. Bu ishni har xil davlatlarda amalga oshiramiz”.

Janubiy Afrika, Hindiston, Nepal va Meksika loyiha uchun tanlab olingan dastlabki davlatlar. Nishi Kant Hindistonda Shakti Vahini nomli, xotin-qizlarni zo’ravonlikdan himoya qilish tashkilotini boshqaradi. U tobora ko’proq ayollar jasorat topib, tashkilotni qidirib keladi, degan umidda.

“Hindiston kabi jamiyatlarda ayol yurak yutib boshidan o’tganini gapirgan hollar juda kam. Bizning vazifamiz xotin-qizlar jamoasiga kirib, ahvol so’rash va muammolarni aniqlash”, - deydi u.

Xonanda Ferji “Avon” jamg’armasining elchisi. U qiz-juvonlarga nisbatan jabr ko’lamidan hayratda. Dunyoda har uch ayoldan biri aynan ayol ekani uchun zug’umga uchraydi.

“Qator mamlakatlarda ayol kishini himoyaga olib, ularga ziyon qilgan odamlarni jazolovchi qonunlar bor. Ammo bu qonunlar doim ham ishlamaydi, samarali emas”, - deydi san’atkor.

Ferji yangi tashabbus bu kamchiliklarni hal qilishga yordam berishidan umidvor.

Your browser doesn’t support HTML5

Oilaviy zo'ravonlikdan jabr ko'rgan afg'on ayoli