AQSh qonunchilari Iroq va Suriyaning katta hududlarini egallab olgan Islomiy davlat jangarilariga qarshi choralar xususida fikr almashmoqda. O’tgan hafta Prezident Obama jihodchilarga qarshi havo hujumlarini kuchaytirishni buyurdi.
Mudofaa vaziri Chak Xeygl va Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari general Martin Dempsi bugun Senat Qurolli kuchlari qo’mitasida senatorlar savollariga javob berdi.
Dempsining aytishicha, agar zarur bo’lsa, Iroqqa qo’shinlar kiritilishi mumkin.
“Maslahatchilarim tavsiyalariga qarab ish tutaman”, - dedi general.
Bir necha kun burun Obama askarlarimizni Iroqqa qaytarmaymiz, degan edi.
Obama havo hujumlarini kengaytirish uchun Kongressdan ruxsat olishim shartmas deb, Suriyada Islomiy davlat va hukumat kuchlariga qarshi kurashayotgan isyonchilarni tayyorgarlikdan o’tkazish dasturini qonunchilar orqali tasdiqlatmoqchi.
Bugun Vakillar palatasida ham shu mavzuda debatlar bo’lmoqda. Kecha AQSh samolyotlari Iroq uzra jangarilar pozitsiyalarini nishonga olgan.
Qo’shma Shtatlar amaliyotga boshqa davlatlarni ham jalb etish maqsadida xalqaro koalitsiya tuzmoqda. Kecha Parijda o’tgan anjumanda 24 mamlakat rasmiylari bu borada hamkorlik qilishga kelishib oldi.
AQShning Minneapolis shahri imomi Shayx Abdurahmon Shayx Umarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Islomiy davlat jangarilarining insonlarning boshini tanasidan judo etishi noislomiy amaliyotdir.
Islom qonun-qoidalariga ko’ra, hibsga tushganlarning o’z haq-huquqlari bo’ladi va ular millati uchun qatl etilishi to’g’ri emas, deydi u.
Imom Islomiy davlat usullarini Somalidagi al-Shabab guruhinikiga o’xshatadi. Bunday insonlardan islom diniga foydadan ko’ra zarari ko’proq, deydi u.
"Ular o’qituvchilarni, professorlarni, masjidlarda imomlarni o’ldirmoqda. Ular ko’plab begunoh odamlarni nobud qildi. Eng ko’p musulmonlar o’zini islom himoyachilari deb atayotgan aynan shu odamlar qo’lidan o’ldi. Ular islomga isnod keltirmoqda", - deydi Shayx Abdurahmon Shayx Umar.