AQSh "Islomiy davlat"ga qarshi yangi strategiya qabul qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Senatdagi tinglov paytida, Vashington, 27-oktabr, 2015-yil

Obama ma'muriyati Suriya va Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kampaniyani kuchaytirmoqchi.

Amerikaning bir yildan oshiq vaqtdan beri "Islomiy davlat"ga qarshi kechayotgan harbiy kampaniyasi sezilarli natija bermadi. Senat Qurolli kuchlar qo'mitasidagi tinglovda AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter yangi strategiya haqida ma'lumot berdi. Unga ko'ra, bundan keyin maxsus kuchlarning jangari manzillariga reydlari ko'payadi.

“Islomiy davlat"ga qarshi hujumlarni amalga oshirishda layoqatli hamkorlarni qo'llab-quvvatlashda davom etamiz - xoh havodan, xoh maxsus qo'shinlar ishtirokida", - dedi mudofaa vaziri.

Karterga ko'ra, samarasiz deb topilgan mo'tadil suriyalik isyonchilarni tayyorlash dasturi qayta ishlab chiqiladi.

“Yer va havodagi barcha harakatlarimiz "Islomiy davlat"ni hududlardan siqib chiqarishda yordam beradi", - deydi vazir.

Tinglovda Qurolli kuchlar shtablari qo'mondonlarining birlashgan qo'mitasi raisi ham qatnashdi.

“Shu kungacha qilingan ishimizdan qoniqish yo'q. "Islomiy davlat" mag'lub etilmaguncha qoniqmaymiz ham”, - dedi general Jozef Denford.

Qo'mita raisi, respublikachi senator Jon Makkeynga ko'ra, reja kech qabul qilindi va Rossiyaning Suriyadagi harbiy kampaniyasini hisobga olgani yo'q.

“Rossiya samolyotlari Suriyada mo'tadil kuchlarni bombardimon qilmoqda, biz esa ortga chekindik”, - dedi Makkeyn.

“Siz harbiylar va prezidentimiz Suriyani Rossiya va Eronga topshirdingiz. Strategiyangiz juda xom", - dedi yana bir respublikachi qonunchi Lindzi Grem.

Demokrat senatorlardan birining nazarida esa, Suriyada Prezident Bashar Assad hokimiyatdan olinsa, bo'shliq hosil bo'lib, mamlakat Liviyada bo'lgani kabi qarovsiz qoladi, zo'ravonlik kuchayadi.