Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat” ekstremistik guruhining Iroq va Suriyadagi inshootlariga qarshi zarbalarni kuchaytirmoqda.
“Hech kim shu kungacha ko’rilgan choralardan qoniqmadi”, - deydi general Jozef Denford Kongressda qonunchilar oldida so'zlar ekan.
Mudofaa vaziri Eshton Karter ham Senatning Qurolli kuchlar qo’mitasi a’zolariga hisobot berdi. AQSh Suriya isyonchilarini “Islomiy davlat”ga qarshi tayyorlash maqsadida 500 million dollar sarfladi, ammo behuda, deydi u. Vashington shu oy boshida jangchilar uchun mashqlar o’tkazish rejasidan voz kechdi.
Buning o’rniga, Karterning bildirishicha, havo zarbalari kuchaytirildi.
Harbiy operatsiyalar samarasiz
Ayni vaqtda AQSh harbiylari Iroq qo’shinlariga “Islomiy davlat” egallab olgan hududlarni qaytarib olishda yordam bermoqda, biroq harbiy operatsiya sust kechyapti.
Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi, respublikachi senator Jon Makkeyn fikricha, Prezident Barak Obama muammoni yaxshi tushunmaydi va shu bois ham siyosat pand bermoqda.
““Islomiy davlat”ni tushunmaganimiz, uning tahdidini yaxshi anglamaganimiz aslida chuqurroq muammodan darak beradi. Yaqin Sharqda aslida hokimiyat uchun kurash va mazhablararo ziddiyatlar avj olgan va bu muammo markazi Iroq va Suriyadir”, - dedi Makkeyn.
“Biz Yaqin Sharqdan chiqib ketmoqchi bo’ldik. Endi esa bu bo’shliqni (Rossiya Prezidenti) Vladimir Putin to'ldirmoqda”, - dedi senator.
Rossiya Suriya Prezidenti Bashar Assadga harbiy yordam bermoqda. Makkeynga ko'ra, muammoga ham diplomatik, ham harbiy, serqirra yechim kerak.
Respublikachi senatorlardan tanbeh, shartlar
Senator Makkeyn Suriyada parvozlardan holi hudud yaratish taklifini kiritmagani uchun Pentagonga tanbeh berdi.
"Shunda Suriya hukumati va Rossiya samolyotlari AQShga sodiq isyonchilarga zarba berolmagan bo’lardi va Assadga qarashli qiruvchi samolyotlar tashlagan bombalardan minglab odamlar nobud bo’lmasdi", - dedi u.
Makkeyn fikricha, Moskva AQShni Suriyadan siqib chiqarmoqda.
“Amerikaning Suriyadagi harakatlari nafaqat bizning manfaatlarimizga zid, balki ma'naviyatsizlikdir”, - dedi u.
Makkeyn nazarida, Rossiya Yaqin Sharqda katta kuchga aylanishi mumkin.
General Denfordning bunga javoban aytishicha, Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy Rossiyani Iroqda havo hujumlarini amalga oshirishga chaqirmaydi.
AQShning Yaqin Sharqdagi siyosatini tanqid qilib kelayotgan yana bir respublikachi senator Tom Kotton fikricha, Rossiya samolyotlariga Iroq uzra uchishga ruxsat bermaslik kerak, Bag'dodga shunday talab qo'yish lozim.