Amerikaning jinsi ishlab chiqaradigan firmalari xavotirda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika jinsi shimlari sanoati/US jeans industry

Dunyoda Amerikada ishlab chiqarilgan va “Made in USA” yozuvi tushirilgan mahsulotlarning bozori chaqqon. Masalan, ko’pgina yevropaliklar haqiqiy Amerika jinsi shimi uchun katta pul to’lashga tayyor. Ammo Yevropa Ittifoqi import tariflarini ko’tarmoqchi ekan, AQSh mahsuloti narxi yanada oshishi mumkin. Bundan nafaqat mijozlar, balki AQSh iqtisodiyoti ham katta zarar ko’rishi turgan gap.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh jinsi kompaniyalari, Behzod Muhammadiy


Piter Kim Amerikaning sifatli jinsi shimlarini yaxshi biladi.

“Jinsi shimni vino bilan qiyoslash mumkin. Masalan, bir chelak uzum olib, uni yaxshi ichimlikka aylantirish mumkin yoki ichib bo’lmaydigan bir narsaga”, - deydi u.

Vino sifatiga qarab narxi o’zgarganidek, jinsi narxlari ham turli-tuman. Bitta shim uchun 10 dollar yoki 200 dollar sarflash mumkin. Mashhur disaynerlarning kiyimini sotib olishga hammaning ham qurbi yetavermaydi, deydi yuqori sifatli jinsi shimlar ishlab chiqaradigan “Hudson” kompaniyasi asoschisi Piter Kim.

“Moda olamini oladigan bo’lsak, yangi kiyimni birinchi podiumda ko’rasiz, lekin uni deyarli hech kim sotib ololmaydi. Ammo biroz vaqt o’tgach, buyumning ayrim elementlarini arzonroq kiyimda ko’rish mumkin. U asta-sekin ommalashib boradi”, - deydi Kim.

Italyan gazmoli, uning bichilishi va tikilishi – hammasi narxga ta’sir qiladi. Uslubi qanchalik bejirim bo’lsa, narxi shunchalik baland bo’ladi.

“Bu shimlar Los-Anjelesda chiqariladi. Ishlab chiqarish tannarxi qimmat”, - deydi “Hudson” kompaniyasi rahbari.

Bu mahsulotni sotib olishga qurbi yetadiganlar, asosan, Amerika va Yevropadan. Ular “Made in USA” yozuvi uchun katta pul to’lashga tayyor.

Yevropa Ittifoqi AQShdan import qilinadigan ayollar jinsi shimlariga tariflarni 12 foizga oshirdi. Ularni chiqaradigan firmalarning to’rtdan uch qismi Kaliforniyada joylashgan.

Tariflar oshirilsa, firmalar mahsulotni AQShda chiqarmay qo’yadi, deydi Kaliforniya moda uyushmasi prezidenti Ilze Metchek. Bu esa Amerika iqtisodiyoti uchun zarar.

“Kompaniyalar jinsi shimlarni Meksika, Janubiy Amerikada chiqara boshlaydi”, deydi Metchek.

Piter Kim ham o’zgarishlarning oqibatidan ogohlantiradi:

“Bu yerda biznes butunlay o’lishi mumkin”, - deydi u.

Amerikaning jinsi ishlab chiqaradigan firmalari ham xavotirda. Ularga ko’ra, xorijliklar AQSh bozorini egallab olishi mumkin.

Hozircha “Hudson” jinsilari tarifni o’z hisobidan qoplashni rejalashtirmoqda. Demak, narxlar oshmaydi. Fabrikani Los-Anjelesdan boshqa joyga ko’chirish rejasi ham yo’q. Ayni vaqtda ishlab chiqaruvchilar AQSh hukumatini Yevropa Ittifoqi bilan kelishib, masalani hal etishga undamoqda.