Prezident Jefferson kutubxonasi: 200 yil o'tib

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Kongress kutubxonasi/Tomas Jefferson hadyasi

ashingtondagi Kongress kutubxonasi - dunyoda eng kattasi. Kongressga qaraydi, lekin undan hamma foydalanishi mumkin. Kapitoliyga XIX asr boshida ko’chgan. Britaniya bilan urush paytida inglizlar Kapitoliyga o’t qo’yganida 3000 ta kitobning ko’pi yonib ketgan edi. Sobiq Prezident Tomas Jefferson o’rnini o’zining yirik shaxsiy kutubxonasi bilan qoplagan. Oradan mana ikki yuz yil o’tdi. Jeffersonning kitoblari hanuz javonlarda.

Tomas Jefferson katta kitobxon o’tgan, deyishadi, bilimga intilib yashagan. Virjiniyada uning dala hovlisidagi kitoblardan qiyos.

“Ayniqsa, kashfiyotlar haqida ko’p o’qigan. Qonunlar to’plamlari, arxitektura haqida kitoblar. Kongressga hadya qilingan bu kolleksiya shaxsiy kutubxonalarning eng kattasi bo’lgan: 6487 ta kitob,” - deydi kurator Mark Dimyuneshn va avvalgi kutubxona Jefferson kolleksiyasidan farq qilganini aytadi.

“Faqat Kongress a’zolariga kerakli mavzulardagi adabiyotlar edi: huquq, tarix, savdodan kitoblar, lug’atlar”.

Prezident Jeffersonning dunyoqarashi esa Kongress kutubxonasini tubdan o’zgartirdi.

“Kolleksiyaga qanday kitoblar mos degan fikr batamom barham topdi: kashtachilikdan tortib arxitekturagacha, hammasini topasiz,” - deydi kutubxona kuratori.

Braziliyalik professor Marchelo Alvez bu dargohdan hayratda.

“Falsafa, matematika, fizika, qishloq xo’jaligiga qiziqqan rahbarlar haqida o’qish maroqli. Bunaqa bilimdon odamni topish qiyin. Jefferson aynan shunday arbob ekan”.

Jefferson - Mustaqillik deklarasiyasi muallifi, o’z davrining yetuk adiblarini kuzatib o’qib borgan. Ular orasida “Federalchi” nomli maqola va esselar to’plami bor. Unda Amerika Konstitutsiyasini ma’qullash talabi olg’a surilgan. Jefferson kitob hoshiyasida bitiklar yozib qoldirgan.

“Bu kitob nafaqat Amerikada, bakli dunyo bo’ylab konstitutsiyalar yaralishini tushunib yetishda yordam beradi,” - deydi Mark Dimyuneshn.

Jefferson Qur’onni ham ingliz tilida o’qigan. Kitobni huquqni o’rganayotib, talabalik yillarida sotib olgan.

"Jefferson uchun Qur’on arab davlatlarida qonunlarni tushunish vositasi edi. Bu bilan u musulmon mamlakatlarini, xalqaro huquqni idrok etishga uringan”.

1851-yilda Kapitoliydagi yong’inda kutubxonadagi ko’pgina kitoblar yonib ketdi, Jefferson kolleksiyasining yarmidan ko’pi ham kul bo’ldi. So’ng Kongress kutubxonasi uchun alohida muhtasham imorat qurildi.

​Bugun Jefferson kitoblari belgilab chiqilgan – prezidentga tegishli kitoblarda yashil tasmalar, kutubxonadan tashqaridan olingan yangiroq nusxalarda – tilla rang tasmalar. Tasmasiz asarlar esa Kongress kutubxonasida avvaldan bo’lgan to’plamlar. Dimyuneshn deydiki, oq qutilar hamon qidirilayotgan kitoblar uchun.

“1851-yilgidan oldingi holatga keltirish uchun yana 250 ta kitobni topishimiz kerak,” - deydi u.

Sobiq rahbar o’zining yaxshi ko’rgan kitoblarini kutubxonaga berib yuborganidan keyin ularni boshqa ko’rmadi. Ammo bugun kutubxonaga kelganlar hanuz qiroatxonalarning birida o’tirib, kitoblarni o’qishi-o’rganishi mumkin.