AQSh telekanallarida "soxta xabarlar" mashmashasi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShdagi yirik teleradiokompaniyalardan biri o'ziga qarashli mahalliy kanallarga mamlakatda soxta xabarlar ko'payayotgani haqida bayonot o'qishni buyurgan. Muxbirlar, shuningdek, boshqa kanallarni noxolislikda ayblagan. "Deadspin" sayti bu bayonot o'qilgan barcha lavhalarni yig'ib, o'ziga xos video tayyorladi.

"Deadspin" videosini millionlab odam tomosha qildi. Unda o'nlab muxbirlarning ekranda "soxta xabarlar" haqida bir xil so'zlarni takrorlayotgani aks etgan. Ayrim OAV vakillari malomat qilingan.

CNN va MSNBC kanallari shu haqda xabar bergach, Prezident Tramp "Sinclair Broadcasting" kompaniyasini himoya qilib chiqdi.

Kompaniya vitse-prezidenti ham bo'lgan hodisani yoqlab, adolatli va xolis jurnalistikaga chaqiruvchi tashabbusning tanqid qilinayotganiga e'tiroz bildirdi.

"O'qilgan izohlarning u qadar ahamiyati yo'q. Ular, shunchaki, soxta xabarlarni yomon ko'rishlarini, soxta xabar tarqatmaslikni aytishgan, xolos. Muammo shundaki, muxbirlar, boshlovchilar boshqaruvchilardan keladigan bunday izohlarni tabiiy qabul qilishi mumkin. Bu jurnalistika emas. Ular sizga xabar berishyaptimi yoki o'z fikrlarinimi? Ular berayotgan narsa nima, sharhmi yoki tahririyat fikri?" - deya so'raydi Poynter instituti tahlilchisi Al Tompkins.

"Sinclair Broadcasting"ning ta'sir doirasi yanada kengayishi kutilmoqda. Kompaniya 3,9 milliard dollarga yana bir teleradio guruhini o'ziga qo'shib olish harakatida.

"Qoidalarda ko'proq kanallarni qo'shib olishga imkon beruvchi aylanma yo'l bor. Sinkleyr shundan foydalanib, AQShda eng katta teleradiokompaniyalardan biri bo'lgan "Tribune"ni sotib olmoqda", - deydi Jorj Vashington universiteti tahlilchisi Endryu Shvartzmen.

Buning natijasida, deydi Shvartzmen, Sinkleyr mamlakatning 70 foiz tomoshabinini qo'lga kiritadi. Ayni paytda ular mamlakatning 40 foiz aholisiga xizmat ko'rsatadi.

Kompaniya ixtiyorida hozir 200 ga yaqin AQSh telekanali bor. Agar so'nggi xarid nazoratchilar tomonidan ma'qullansa, ular soni 233 taga yetadi.