AQSh Adliya vazirligi saylovda xolislikni ta'minlash harakatida

  • Amerika Ovozi

Konnektikut shtatida partiyaviy saylovlar paytida, 5-avgust, 2022

Amerikada azaliy odat shuki, saylov oldidan Adliya vazirligi tizimda xolislikni ta'minlash uchun maxsus choralar ko'radi. Mamlakat bo'ylab federal kuzatuvchilar safarbar etiladi. Federal Qidiruv Byurosi siyosiy tarafkashlik hollarini aniqlasa, endilikda bu tekshiruv yangi tartibda olib borilishi kerak.

8-noyabr kuni AQShda saylovchi nafaqat Kongress a'zolari, balki mahalliy rahbarlar uchun ham ovoz beradi.

Ommaviy so'rov natijalaridan ma'lumki, amerikaliklarning saylov tizimiga ishonchi pasaygan.

Qator shtatlarda ovoz berish huquqi bo'yicha yangi qonunlar hukmron. Inson huquqlari tashkilotlari nazarida respublikachilar boshqarayotgan hududlarda liberallarning saylovda qatnashishi qiyinlashgan. Ayni damda bir necha shtatda bu masala sudda. Konservatorlar yangi qonunlar cheklov qo'ymasligini da'vo qiladi, Adliya vazirligi esa buning aksini aytib, ular konstitutsiyaga zid ekanini ta'kidlamoqda.

Federal kuzatuvchilarning asosiy vazifasi, deya bildiradi vazirlik, ovoz berish huquqiga ega har bir shaxs biror muammosiz bu erkinlikdan foydalana olishini ta'minlash. Hech kim kamsitilmasligi, bosimga uchramasligi va biror jihatdan qo'rqitilmasligi shart.

"Fuqaro huquqlari amalda o'z aksini topishi kerak", - deyiladi bayonotda.

Buni ham ko'ring Saylov, referendum: AQSh, To'qayev, Mirziyoyev

Amerikada saylov tizimi markazlashmagan, har bir tumanda tegishli hay'at tomonidan tashkil etiladigan jarayon.

Federal hukumat bu jarayon xolis, erkin va adolatli o'tishi uchun javobgar.

1965-yilda qabul qilingan qonunda har bir tomonning funksiya va vakolatlari qayd etilgan, jumladan chetdagi amerikaliklarning ovoz berishini ta'minlash ham.

"Common Cause" nomli nohukumat tashkilotdan Silviya Albert deydiki, Adliya vazirligi har bir shtatda monitoring o'rkazmaydi. Bu ishni fuqaro jamiyati qiladi, deydi faol.

"Bu safar nimadir boshqacha bo'ladi deb kutmayapmiz, lekin tizim o'z vazifasini bajaradi", - deydi Albert.

Odatda, deydi faol, federal e'tibor muammoli hududlarda, xususan saylov yuzasidan eng ko'p shikoyat tushgan tumanlarda bo'ladi.

"Tizim nima qayerda ishlamayotganini bilishi kerak va shunga binoan chora ko'rish lozim".

Adliya vazirligi saylovga yaqin kunlarda o'z hisobotlarini e'lon qila boshlaydi.

Konservativ aql markazidan Zak Smit nazarida hukumat saylovoldi jarayoni, saylov payti va undan keyingi pallani oldindan monitoring qilib kelgan.

“Ular bu jarayonlarni murakkablashtirmasligi kerak, aksincha, har qanday muammo yoki to'siq kuzatilsa, ularni darhol yechish uchun zamin yaratishi kerak", - deydi ekspert.

Amerika a'zo Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham saylovlarni kuzatib, xulosalarini bayon etadi.

Tashkilotga ko'ra, maqsad - AQSh xalqaro qonunlar va majburiyatlarini ado etayotganini tekshirish.

Buni ham ko'ring AQSh saylovchisi xorijiy siyosiy ta'sir ostidami?

Federal tizimda ishlaydiganlar tarafkashlik qilmasligi, o'z siyosiy fikr-qarashlarini lavozimdan foydalangan holda targ'ib qilmasligi shart.

Adliya vazirligim xususan, bu borada xodimlarini ogohlantirib turadi.

Tartibga ko'ra, biror holat yuzasidan jinoiy tergov ochishdan oldin vazirlikning eng yuqori rahbariyatidan ruxsat olish zarur. Bu maxsus agentlarning tarafkashlikka berilmasligini ta'minlaydi.

Adliya vaziri Garland deydiki, "hech kim qonundan yuqorida emas va har bir shaxs faktlar va qonunga bosh egishga majbur".

Garland - sobiq federal sudya va Oliy sudga ham nomzod sifatida ko'rsatilgan huquqshunos.

Ko'plab ekspertlar qayd etishicha, uning rahbarligi ostida Adliya vazirligiga ishonch oshgan. Federal qonunlar tizimdan prezident partiyasiga yon bosmaslikni talab qiladi.

Biroq respublikachilar nazarida Bayden ma'muriyatida siyosiy tarafkashlik keng. Sobiq prezident Donald Trampning tekshirilishi, unga nisbatan ochilgan qator tergov ishlari "ataylab olib borilayotgan kampaniya" deya noliydi konservatorlar. Ma'muriyat va umuman, demokratlar bu tanqidni inkor etib, Tramp asosli ravishda tintuv qilingani va javobgarlikka tutilishini aytadi.