Prezident Jo Bayden Kongressda demokratlarning uning davridagi eng yirik g'alabasi hisoblangan ikki qonun loyihasiga imzo chekdi. Biri - iqlim uchun sarmoya, ikkinchisi esa sog'liqni saqlash tizimida islohotlar.
AQShda shu paytgacha iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi bu qadar ko'p mablag' ajratilmagan. Hukumat kelasi 10 yilda bu maqsadlarda 375 milliard dollar sarflaydi.
Sog'liqni saqlash sohasida esa yangi qonunda taxminan 13 million amerikalikning tibbiy sug'urta imtiyozlari oshishi kafolatlanadi, xususan dori-darmon olishda.
Bu qonunlar amaliyoti uchun zarur mablag' yirik kompaniyalar va boylar uchun ko'tarilgan soliqlardan keladi.
Oq uyda hujjatlarga qo'l qo'yganidan keyin Bayden deydiki, demokratiya - murakkab jarayon, ammo eng samarali va haqqoniy tizimdir. Qanchalik vaqt olmasin, xalq talabi bajarilishi kerak, deydi prezident.
Bayden noyabr oyiddagi saylovlarda Kongressda demokratlar nafaqat hozirgi nufuzini saqlab qoladi, balki har ikki palatada mutlaq ko'pchilik o'rinni egallaydi, degan umidda.
“Demokratlar bu qonunlar uchun ovoz berdi. Respublikachilar esa ularga qarshi chiqdi, o'z tor manfaatlari yo'lidan ketdi", - deydi Bayden.
Vakillar palatasida demokratlar aksariyatni tashkil etadi, ammo Senatda har ikki partiya teng o'ringa ega.
“Bu yutuqlar haqiqatan tarixiy, keskin kurash samarasi", - deydi Senatda demokratlar sardori Chak Shumer.
Siyosiy tafovutlar keng ekanini e'tirof etar ekan, Shumer ham yaqinlashayotgan saylovlar natijasi uning partiyasiga salmoqli ustunlik berishiga umid qiladi.
Bayden oilasi bilan olti kun davomida Janubiy Karolinada, Atlantika okeani sohillarida dam oldi. Qisqa paytga Vashingtonga qaytdi. Endi esa ona shtati Delaverga yo'l olib, ta'tilni davom ettiradi.
Bu qonunlar tantanasi sentabr oyida qonunchilar Vashingtonga qaytganida o'tkazilishi rejalangan.
Bayden uchun o'tgan uch oy muvaffaqiyatli kechdi. Urush faxriylariga imtiyozlar, ilg'or texnologiya uchun sarmoya, qurol nazoratini kuchaytirish bo'yicha loyihalar ma'qullanib, qonunga aylandi.
Tashqi siyosatda esa, Bayden fikricha, Rossiyaga qarshi xalqaro koalitsiya bugun bag'oyat birdam. NATO kengayishi borasida ham yakdillik kuchli. Shvetsiya va Finlandiya bu blokka qo'shilayotgani, AQShga ko'ra, tashkilotni yanada kuchaytiradi.
Biroq Baydenning reytinglari past. Aksariyat amerikaliklar uning siyosatidan mamnun emas.
Saylovlar oldidan ko'rsatkichlar ko'tarilmayotganidan demokratlarni tashvishda. 79 yoshli prezident 2024-yilda Oq uyga qayta saylanish niyatida.
Bayden mamlakat kezib, xalq ko'nglini ovlashga bel bog'lagan. Shtatma-shtat saylovchilar bilan uchrashib, yangi qonumlarni muhokama qilishi kutilmoqda.
Respublikachi senator Jon Tun fikricha, Bayden tayyor mablag'ni sarf qilishni yaxshi ko'radi.
"Soliqni oshirish bilan xalqning ahvolini og'irlashtirayotganini demokratlar tan olmaydi. Inflyatsiya osmonda", - deya tan qiladi Tun.
Respublikachilar Bayden aslida xohlagan dastur Kongressda o'tmaganidan xursand. Oq uy kelasi 10 yil uchun, xususan yashil iqtisodni rivojlantirish uchun 3,5 trillion dollar sarflashni taklif qilgan edi.
Biroq ma'muriyat Amerika bu maqsadda investitsiya qila boshlayotganining o'zini yutuq deb hisoblaydi. Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar g'arbiy shtatlarda qattiq sezilmoqda. Qurg'oqchilik hukmron.
Hukumat muqobil energiyaga o'tgan sanoatlar, korxonalar va xonadonlarga imtiyozlarni ko'paytiradi. Atrof-muhit muhofazasi uchun sarmoya qilganlarni quvvatlaydi.
Facebook Forum