AQSh, Qozog'iston tashqi ishlar vazirlari muloqot qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton va Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov, Davlat departamenti, Vashington, 3-oktabr, 2012 (AP Photo/Carolyn Kaster)

3-oktabr kuni Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Qozog'istonning yangi Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni qabul qildi. Yaqin kunlargacha Idrisov bu mamlakatdagi elchi edi (VIDEO).

Ikki davlat orasida strategik sheriklik muloqoti yo'lga qo'yilgan. Qozog'iston Afg'onistondagi xalqaro koalitsiyaga zarur vositalar tashiladigan Shimoliy Ta'minot Tizimining muhim qismi. Shu qatorda O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston ham.

Qozog'iston Afg'onistonda infrastruktura taraqqiyoti yo'lida bir necha loyihalarga bosh qo'shgan. Shuningdek, harbiylar malakasini oshirish va boshqa sohalarda mutaxassislar tayyorlashda ko'maklashmoqda.

Xillari Klinton targ'ib qilayotgan Yangi Ipak Yo'li tashabbusini ham Ostona rasman olqishlagan, ammo bu borada hali biror konkret qadam tashlanmagan.

"Biz bugungi muzokaralarda iqtisodiy va demokratik islohotlar haqida ham fikr almashdik. Davlat tizimlari, jumladan parlament faoliyatini mustahkamlash xususida gaplashdik. Men vazir janoblariga shuni aytdimki, AQSh Qozog'istonni zamonaviy demokratiyaga aylanishini quvvatlaydi va bu boradagi hamkorlikni davom ettiramiz",- deydi Klinton xonim.

"Shu bilan birga, fuqaro jamiyati uchun zarur sharoit yaratish muhim ekanini ham eslatdim. Effektiv demokratiya effektiv fuqaro jamiyati talab qiladi. Inson huquqlari ta'minlanishi, himoya qilinishi kerak. Qozog'istonda qabul qilingan yangi qonun yuzasidan xavotirdamiz. Unga amal qilishda erkin e'tiqod cheklanmasligi lozim".

Qozog'iston energetika sanoatidagi eng yirik sarmoya Amerika kompaniyalariga tegishli.

Vashington va Ostona atom qurollari va materiallari yoyilmasligi yo'lida ham birga ishlab keladi. Qozog'iston BMT atom agentligi qoshida yadroviy energiya banki yaratish ustida ketayotgan harakatlarga qo'shilgan.

Respublika Tashqi ishlar vaziri Idrisov deydiki, Amerika bilan 20 yillik hamkorlik uning mamlakatiga ulkan foyda keltirgan.

Qozog'iston har tomonlama mustahkam jamiyatga aylanishni istaydi, deydi diplomat.

Xavfsizlikdan tortib, fuqaro jamiyati barpo etishgacha, respublika barcha sohalarda oldinda bo'lishni, erkin va farovon mamlakat sifatida oyoqqa turishni istaydi, deydi Idrisov.

Davlat departamentidagi uchrashuv, original:

http://www.youtube.com/embed/H-ZRH6fZIa4