Breaking News

Qozog’iston parlamenti diniy faoliyatni cheklashga rozi


Qozog’iston parlamenti diniy faoliyatni cheklashga rozi
Qozog’iston parlamenti diniy faoliyatni cheklashga rozi

Qozog’iston parlamenti yuqori palatasi diniy faoliyatni cheklashga qodir qonun loyihasini ma’qulladi. Rasmiylarning aytishicha, bu chora tobora avj olib borayotgan diniy ekstremizm xavfining oldini oladi.

Qarshilar nazarida yangi qonun diniy erkinlikni bo’g’adi. Tashabbusni olg’a surgan prezident Nursulton Nazarboyev loyihani tezda imzolashi kutilmoqda.

Unga ko’ra, davlat idoralarida ibodat, namozxonalar taqiqlanadi va kichik diniy tashkilotlar tarqatib yuborilib, qayta ochilish uchun hukumat ro’yxatidan o’tishi kerak bo’ladi.

Qozog’istonda 16 yarim million aholining 70 foizi musulmonlar.

Rasmiylar so’nggi oylarda diniy zo’ravonlik bilan yuzlashib, Markaziy Osiyo bo’ylab xurujlar rejalangan ekstremist guruhni fosh etgan.

O’tgan oy mamlakatda qator xorij saytlariga kirish man qilingan, bu sahifalar terrorizm va diniy ekstremizmni targ’ib qilgani bois, deydi rasmiylar.

Ozodlik Uyi – “Freedom House” tashkiloti Qozog’iston parlamenti ma’qullagan qonun loyihasini tanqid qilib, fuqaroning erkin e’tiqod qilish huquqi poymol etilmoqda, deya norozi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nazarida ham taklifni qayta ko’rib chiqish kerak. “E’tiqod erkinligi asossiz ravishda oyoqosti qilinmoqda”, - deyiladi tashkilot bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG