"G'arbiy sohilning Ozodlik haykali" qayta tiklandi

  • Amerika Ovozi
Ayrim koreyslar uni “G’arbiy sohilning Ozodlik haykali” deb atashadi. Koreya Respublikasidan do’stlik ramzi sifatida Amerikaga tuhfa etilgan bahaybat qo’ng’iroq koreyalik muhojirlar uchun ziyoratgoh sanaladi. Ammo so’nggi yillarda bu obida qarovsiz qolgan edi. Endi esa Koreya yordamida u qayta ta’mirlandi va yana jom ura boshladi.

Your browser doesn’t support HTML5

“G’arbiy sohilning Ozodlik haykali” qayta tiklandi/Shohruh Hamro


Koreyalik amerikaliklardan so’rasangiz, do’stlik jomi allaqachon ta’mirdan o’tishi kerak edi, deyishadi.

“Juda xursandmiz”.

1976-yilda Koreya Respublikasi AQShning mustaqillik bayramida 18 ming kilogramlik qo’ng’iqorni sovg’a qilgan edi.

“Koreyalik amerikaliklar vatanni qo’msaganida bu yerni ziyorat qilishga keladi. Ona-zaminni eslatadi bu joy”.

Koreya do’stligi qo’mitasi a’zosi Ernest Li deydiki, Los-Anjelesda yashovchi koreyslar uchun ona-vatan timsoliga aylangan bu qo’ng’iroq qoru-yomg’ir, okeanning tuzli va nam havosi hamda noto’g’ri ta’mirlash oqibatida ishdan chiqqan edi.

Koreya bosh konsuli Yon-sun Shin bundan uch yil avval jomni ko’rganida u yaroqsiz ahvolda edi.

“Juda yomon edi ko’rinishi. Yuqoridan uzib qo’yilgan, yerda turardi. Umuman qaralmagan, nazarimda,” - deydi u.

Koreya Respublikasi ajratgan kattagina mablag’ hamda mutaxassislar yordamida Los-Anjeles ma’muriyati ta’mirlash ishlarini boshlab yubordi. Qo’ng’iroqni avvalgi holiga qaytarish uchun koreyalik mutaxassis Chay Don-hey hamkasblari bilan bir necha oy ishladi.

“Qo’shgan hissam katta emas. Bu obidaga qarash bundan buyon Koreya do’stligi qo’mitasi zimmasida,” - deydi u.

Marosimda jom urishini eshitish usta Chay uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

"Qo’ng’iroqni 38 yil avval ustozim yasagan. Men esa uni qayta tikladim. Xursand bo’lmay iloj yo’q”.

“U koreyaliklar qalbini aks ettiradi. Xalqimiz tarixi, yuragi unda mujassamlangan. Vatanparvarlik, ota-onaga hurmat, do’stlik – bularning bari jom chalganida qalbimizda yangraydi,” - deydi bosh konsul.

Los-Anjeles shahar meri Erik Garsetti Koreya do’stligi jomi doimo a’lo holatda saqlanadi, deb va’da berdi.

“Qo’ng’iroqni qushlardan himoya qilish uchun to’siqlar o’rnatildi. Uni ta’mirlab turadigan mutaxassialar bo’lishini ta’minlaymiz. Ezgu tilaklar bilan bizga Koreya xalqi tomonidan ikkinchi marta hadya etilgan bu obidani asrab-avaylaymiz”.

Koreya do’stligi jomi yiliga besh marta chaladi. Jumladan 4-iyul AQSh mustaqilligi kuni va 15-avgust Koreya ozodligi kunlarida.