Bugun va erta (8-9-sentabr) AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Nisha Bisvol Qirg’izistonda hukumat a'zolari, talabalar va biznes ahli bilan muloqot qilmoqda. Munosabatlar oxirgi paytlarda ancha sovuqlashgan. "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan kuzatuvchilar deydiki, hamkorlikni avaylash, kengaytirish kerak. Hamjihatlikdan har ikki tomon birdek foyda ko'radi, deydi ular.
Your browser doesn’t support HTML5
Bishkek yaqinda AQSh taskilotlari uchun imtiyozlarni ko’zda tutuvchi kelishuvni bekor qildi. Sabab - janubda inson huquqlari uchun kurashgan Azimjon Asqarov, militsiyaga qarshi jinoyatda aybdor deb topilib bir umrga qamalgan fuqaro, Vashingtonda yuksak mukofot bilan taqdirlanganidir. Davlat departamenti nazarida u huquq himoyachisidir, lekin Qirg'iziston sudi uni jinoyatchi deb biladi.
Obama ma'muriyati Bishkek qaroridan afsusda, biror shunga urg'u bermoqdaki, hamkorlikka zamin yaratuvchi bitim bekor qilingani aloqa to'xtab qoladi degani emas.
Siyosatshunos Japar Birimqulov nazarida AQSh yetakchi diplomatining Bishkekka tashrifini aynan shu so’zlarning ifodasi, deyish mumkin.
"Markaziy Osiyo, jumladan, Qirg’istonda so’nggi yillarda Amerikaning obro’-e’tibori tushib ketgan. Mansabdor diplomat mahalliy aholining turli qatlamlari bilan uchrashuvlarda AQSh imijini biroz ko’tarishga urinadi, albatta", - deydi Birimkulov.
Suhbatdosh nazarida hozirgi sharoitdan kelib chiqqan holda aloqalar yo’nalishlariga ma’lum o’zgarishlar kiritish maqsadga muvofiq.
“Aytaylik, Qirg’izistonda xorij moddiy yordamida faoliyat yuritayotgan nodavlat tashkilotlarga chet el josusi maqomini berish borasida qonun muhokama qilinayotgan ekan. Uning qaysi bir ko’rinishda qabul qilinishi ehtimoli baland. AQShning fuqaroviy jamiyat orqali ko’mak ko’rsatish imkoniyati keskin torayadi. Endi Qo’shma Shtatlar iqtisodiy yordam yo’nalishiga ko’proq ahamiyat bersalar va biznes ahli bilan hamkorlikni rivojlantirsalar yaxshi bo’lar edi”, - deydi u.
O’sh shahar yoshlari yetakchilaridan biri, mahalliy kengash deputati Sonunbek Junusbayevni Amerika tashabbusi bilan Qirg'izistonda amalga oshirilayotgan qator loyihalar taqdiri qiziqtiradi.
“Yoshlarimizning Amerikada ta’lim olish imkoniyatlari ozaymaydimi? Bishkek hamda Vashington munosabatlaridagi ma’lum taranglik AQShda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz hayotiga salbiy ta’sir qilmaydimi? Nodavlat tashkilotlarni moliyalash masalasi nima bo’ladi?” - deydi Sonunbek.
Suhbatdosh fikricha, qishloq xo’jaligining ayrim sohalarida hamda zamonaviy qishloq xo’jaligi texnikasi bilan ta’minlashda ikki mamlakat faol hamkorlik yuritsa bo’ladi.
G’arb mamlakatlari, jumladan, Amerika Rossiyaga nisbatan kiritgan sanksiyalar ushbu mamlakat bilan tig’iz bog’langan Qirg’iziston iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
Qirg’iz so’mining qadri kundan kunga pasayib borayotir. Rossiyada faoliyat yuritayotgan mehnat muhojirlaridan kelayotgan mablag’ oqimi susaygan.
Mahalliy turistik firmalardan birining rahbari Umarjon Yosiddinov Amerika bilan aloqalarni ma’lum darajada saqlagan holda aynan Rossiya hamda Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirishga urg’u bergan ma’qul, deb hisoblaydi.
Ushbu fikr Qirg’iziston jamiyatida keng tarqalgani sir emas.