Qirg’izistonda sportni taraqqiy ettirish muammolari

Yaponiyalik Ebinuma Masashi, qirg'izistonlik Bayalinov Islom. Dzyudo bo'yicha jahon chempionati, 23-avgust, 2011-yil.

Xalqaro olimpiya qo’mitasi Qirg’izistonning O’sh va Botken shaharlari maktablariga sport anjomlari sovg’a qildi. Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, jismoniy tarbiya va sport sohasi inqirozdan chiqish yo’lida davlat hamda xalqaro tashkilotlar ko’magiga muhtoj.

Joriy yil Qirg’iziston janubining bir necha tumanida qishloq stadionlari ta’mirdan chiqqan. Bu ishlar byudjet va grantlar evaziga bajarildi. Mustaqillik yillari Qirg’izistonda sport sohasi ko’proq xususiy tizimlarga o’tib, davlat ancha chetlanib qolgan edi.

O’shdagi olimpiya zaxiralari sport maktabi rahbari Toqtosun Qamchibekovning aytishicha, hozir o’lkada sport yana rivojlana boshlagan.

“Joylarda shaxsiy sport klublari ochilmoqda. Endi davlat darajasida sportni qo’llash darkor, birinchi navbatda mablag’ masalasida. Bizda sportchilar ham, murabbiylar ham yetarli. Ularga ko’mak kerak”, - deydi u.

Po’lat Sobirov bir paytlar viloyat sport qo’mitasini boshqargan va hududda yirik sport inshootlari qurilishiga hissa qo’shgan.

“Mustaqillik yillari sport saviyasi bizda ancha pasaydi. Sport maktablari, murabbiylar mablag’ jihatidan ancha qiynalib qoldi. Ko’p mutaxassislarning o’z ishidan hafsalasi pir bo’ldi. Aksariyati o’zlarini biznesga urdi, maktablardan jismoniy tarbiya o’qituvchilari ketib qoldi. Shu bois yoshlarimiz sport bilan shug’ullanishdan chetlab qoldi”, - deydi faxriy Po’lat Sobirov.

Suhbatdoshlar fikricha, Qirg’izistonda, ayniqsa, qishloq hududlari sport maydonlariga muhtoj.

“O’tgan asrning 80-yillarida qurilgan sport bazalarimiz hozirgi shart-sharoitga javob bermay qoldi. Uskunalar, sport anjomlari eski. Menimcha, o’lkaning hozirgi iqtisodiy vaziyati sportga ham ta’sir qilayapti”, - deya davom etadi Po’lat aka.

Mutaxassislar deydiki, yurt tabiiy sharoiti sportning turli yo’nalishlarini rivojlantirish uchun qulay. So’nggi yillarda yoshlar orasida sportning aksar kuch turlariga qiziqish qayd etilayapti.

“Hozirda bizda sportning asosiy yo’nalishi yakka olishuv bo’lib qoldi – boks, kurash, karate, kikboksing kabi. Chunki qo’lida bor odamlar, homiylar aynan sportning o’sha turlariga ko’ngil burib, mablag’ ajratmoqda. Vaholanki, yengil atletika, voleybol, basketbolga ham ahamiyat berish maqsadga muvofiq”, - deydi Qamchibekov.

Suhbatdoshlar so’zlariga ko’ra, Qirg’izistonda sportni taraqqiy ettirish uchun birinchi navbatda davlat, qolaversa, homiylar faolligi lozim.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg'izistonda sport sohasi mablag', islohot talab/Ulug'bek Sokin


“Birinchidan, bizning sport bazalarimizni zamonga moslash kerak, murabbiylar maoshini ko’tarish darkor. Yaqinda mamlakat parlamenti xizmat ko’rsatgan murabbiylar oyligini oshirdi. Bunday qadamlar ketib qolgan mutaxassislarni qaytarishga yordam beradi. Ota-onalarni ham jalb qilish kerak. Ular bolalari sport bilan shug’ullanishi uchun hissa qo’shishi lozim”, - deydi Sobirov.
Ko’p mutaxassislarning o’z ishidan hafsalasi pir bo’ldi. Aksariyati o’zlarini biznesga urdi.

Qamchibekov homiylarni jalb qilish darkor, deb hisoblaydi.

“Buning uchun ularga soliq to’lashda imtiyozlar berish kerak. Sport internatlari ochish darkor. O’shda bunday internat ochish rejalangan edi. Bino poydevori qurilgan. Ammo qolgan ishlarga mablag’ yetmayapti”, - deydi mulozim.

Byudjet taqchilligini boshdan kechirayotgan Qirg’izistonda kelasi yil ham sportga jiddiy moliya ajratilishi gumon, deydi mahalliy kuzatuvchilar. Bundan chiqdi, sport ahli vaziyatdan o’z bilganicha chiqishga harakat qilishda davom etadi.