AQShning Arizona shtatida otishma, Kongress a’zosi nishonga olingan

AQShning Arizona shtatida otishma, Kongress a’zosi nishonga olingan

Gabriela Giffords, AQSh Vakillar Palatasi a’zosi, Arizonaning Tuson shahrida saylovchilar bilan muloqot qilayotganda otishma boshlangan.

Mahalliy politsiya ma'lumotiga ko'ra, voqeada olti odam halok bo'lgan, jumladan to'qqiz yoshli bola. Jarohat olganlar orasida qonunchining yordamchilari ham bor.

AQShning Arizona shtatida otishma, Kongress a’zosi nishonga olingan

Shifokorlar Kongress a'zosi Gabriela Giffordsning ahvolini og'ir deb baholaydi. Qurollangan shaxs yaqin masofadan turib uning boshiga qarata o'q uzgan.

Arizona – Meksika bilan chegaradosh shtat. Tuson chegaradan 130 kilometr narida joylashgan. Yaqinda uchinchi muddatga saylangan demokrat qonunchi bu yerda fuqarolar bilan uchrashayotgan edi.

Gabriela Giffords, Demokratik partiya a'zosi, Vakillar Palatasining qurolli kuchlar, ilm-fan va texnologiya hamda tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitalarda xizmat qilgan.

Prezident Barak Obama va Kongress a'zolari hujumni qoralamoqda. "Erkin jamiyatda bunday shafqatsiz zo'ravonlik hollariga o'rin yo'q", - deydi Obama, fojia qurbonlarining yaqinlariga ta'ziya bildirar ekan.

AQSh Federal Qidiruv Byurosi tergov boshlagan. Bir kishi hibsda.