AQSh Liviyada havo hujumlarini kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Liviyada havo hujumlarini kuchaytirmoqda. Shu yo'l bilan Shimoliy Afrikada tomir yozgan "Islomiy davlat" tarmog'ini yo'q qilish choralari ko'rilmoqda.

AQSh Afrika qo'mondonligining e'lon qilishicha, 9-avgust kuni Sirte shahrida jangarilar manzillariga yana sakkizta zarba berilgan.

Amerika shu kungacha jami 28 ta havo hujumini amalga oshirdi. Amaliyot Liviyaning Milliy kelishuv hukumati iltimosiga asosan boshlangan edi.

O'z ismi oshkor qilinishini istamagan AQSh rasmiysining aytishicha, AQSh maxsus kuchlari ham hududga kiritilgan. Ular ayrim boshqaruv ishlarini bajaryapti, dedi u.

Afrika qo'mondonligi so'zlovchisi Robin Mekka ko'ra, AQShning Liviyadagi ishtiroki havo hujumlari va ma'lumot ayirboshlash bilan cheklanadi.

Milliy kelishuv hukumatiga qarashli kuchlar ham "Islomiy davlat"ga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bormoqda. Jangarilar hozir Sirte markaziga siqib qo'yilgan.

Liviyaga berilayotgan harbiy ko'mak miqdori oshirilishi mumkin. AQSh, Britaniya va Fransiyaning har biri hududda maxsus kuchlarga ega. Agar Liviya hukumati qo'shimcha yordam so'rasa, ular amaliyotlarda ishtirok etishi mumkin.

O'tgan oy oxirida yuz bergan vertolyot halokatida Fransiya maxsus kuchlarining uch askari halok bo'ldi. Xorijlik kuchlarning amaliyotlarda qatnashishiga qarshi norozilik namoyishlari bo'lib o'tgan.

Liviyada hukumat kuchlari olib borgan faol kurash natijasida jangarilar soni 6000 dan 1000 tagacha kamaygan.

AQSh va boshqa G'arb davlatlarining ogohlantirishicha, hukumat o'z kuchiga ortiq ishonmay, xalqaro hamkorlaridan qo'shimcha yordam so'rashi kerak. "Islomiy davlat"ni butunlay yo'q qilish uchun bu muhim, deydi ular.

"IShID odamlarini ko'chirish imkoniyati bilan bizni oldin ko'p hayratga solgan, - deydi ismini oshkor qilmagan diplomatlardan biri. - Ular Sirteda mag'lub bo'lgani bilan boshqa joyda paydo bo'lib qolishi mumkin".