Qurg’oqchilikdan qaqshagan Kaliforniya shtatida fermerlarga kamroq suv ajratilmoqda. Los-Anjeles kabi katta shaharlarda ahvol uncha yomon emas, ammo suvdan foydalanish borasida fuqarolarga qattiq cheklovlar joriy etilgan. Qonunbuzarlar jazolanadi. “Amerika Ovozi” “suv politsiyasi” bilan shaharni aylandi.
Los-Anjeles Suv va energetika agentligi xodimi Rik Silva mahallalarni kezib, suvdan noqonuniy foydalanish hollarini aniqlaydi.
“Xonadonlar uchun jarima 100 dollar, shirkatlarga esa 200 dollar,” - tushuntiradi u.
Aksar qonunbuzarlarga tanbeh beriladi va suv iste’molini kamaytirish tavsiya etiladi.
Qoida shuki, uy sohiblari manziliga qarab suvdan haftaning muayyan kunlarida foydalanishi mumkin. Ertalab 9 dan soat 4 gacha hamda shanba kunlari irrigatsion tizim barcha uchun yopiq.
“Gazonni haddan ziyod sug’orayotgan, tartib-qoidani buzayotganlarni aniqlashga harakat qilamiz. Irrigatsiya uchun juda ko’p suv ishlatilayotgani, qayerda tejash mumkinligini tushuntiramiz, yo’llarini ko’rsatamiz,” - deydi Silva.
Kaliforniyaning Markaziy vodiysida fermerlarga ajratiladigan suv miqdori keskin kamaygan. Qishloq xo’jaligiga bu katta ziyon keltiradi. Los-Anjelesda suvning yarmi hovli va maysazorlarga sarflanadi, buni kamaytirishning iloji bor, deydi shahar rasmiylari.
Uy sohiblariga chimni yulib tashlab, qurg’oqbardosh o’simliklar ekish tavsiya qilinyapti.
“O’tni olib tashlashingiz xarajatini qoplaymiz. Kvadrat metriga to’laymiz,” - deydi Silva.
Bunday yondashuv ish berayotgan ko’rinadi. Ayrimlar hovlisiga issiq iqlimga mos o’simliklar eka boshlagan. Markaziy parkda namuna sifatida mana bunday landshaft barpo etildi.
Erta tongdan mana bu xonadon egalarini bezovta qilish to’g’ri emas… ularga avvaliga xat, so’ngra ogohlantirish yo’llanadi. Qonunbuzarlik davom etsa, jarima solinadi.
Los-Anjeles suv omborlarida obi-hayot hozircha yetarli, ammo shtatning boshqa qismlarida suv sathi normadan ancha past.
Shaharni suv bilan ta’minlovchi Syerra Nevada tog’larida may oyida qor-muz odatdagidan 20 foizga kamroq edi.
Kaliforniya uch yildan beri qurg’oqchilik changalida. Suvni isrof qilayotganlar, ashaddiy tartibbuzarlar uchun jarima miqdori yaqinda 500 dollarga oshirildi.
Your browser doesn’t support HTML5