AQSh-Kanada-Meksika savdo bitimi kuchga kirganidan bir necha kun o’tmay, Prezident Donald Tramp va Meksika rahbari Andres Manuel Lopez Obrador Oq uyda uchrashib, savdo va iqtisodiyotga oid mavzularni muhokama qildi.
“AQSh-Meksika munosabatlari hech qachon hozirgidan yaqinroq bo’lmagan”, - dedi Tramp. Ikki rahbar “yangilangan va mustahkamlangan sheriklik yo’lida erishilgan yutuqlarni et'tirof etuvchi” qo’shma deklaratsiya imzoladi.
O’tmishda meksikalik immigrantlarni haqoratlab, qo’shni mamlakatga savdo tariflari bilan dag’dag’a qilgan AQSh rahbariga ko’ra, hozirda Meksika bilan aloqalar “a’lo”. Har ikkimiz o'z davlatimiz manfaatini birinchi o’ringa qo’yamiz, deydi u.
Prezident Lopez Obrador shunday javob berdi:
“Meksika prezidenti sifatida, mening mamlakatimga qarshi haqoratlar va shunga o’xshash narsalarni eslash o’rniga, sizdan, Prezident Tramp, tushunish va hurmat oldik”.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bandligi va pandemiya paytida xalqaro sayohat noo’rinligini qayd etib, uchrashuvga taklifni rad etgan.
Trampning aytishicha, AQSh 36 million meksikalik amerikaliklar uchun vatan hamda ular orasida tadbirkorlar ko’p.
“Ular sizga o’xshaydi – qattiq muzokara qiladi va ishini biladi”, - dedi Tramp Obradorga qarata.
Meksika rahbari Tramp bilan uchrashgani uchun unga yog’ilgan tanqidlarni rad etmoqda. AQSh prezidentini immigratsiya bo’yicha pozitsiyasi hamda o’tmishda meksikaliklarni haqorat qilgani uchun Meksikada xush ko'rishmaydi.
Obrador hukumati e’tiborni immigratsiya masalasiga emas, savdo kelishuviga qaratishga harakat qildi.
“Kelishuv kuchga kirayotgani biz uchun juda muhim. AQSh hukumati va xalqiga minnatdorchilik bildiraman. Prezident Tramp, meksikalik vatandoshlarimizga ko’proq hurmat ko’rsatayotganingiz uchun rahmat”, - dedi Obrador.
Ayrim tahlilchilar Tramp AQShning iqtisodiy qudrati, jumladan tariflar joriy etish va chegarani butunlay yopish tahdidi bilan Meksikaga savdo va immigratsiya masalalarida bosim o’tkazganini qayd etadi.
Buni ham ko'ring Shimoliy Amerika erkin savdo bitimi yangilandi“Meksika - AQSh va Markaziy Amerikadan boshpana so’rab kelayotganlar o’rtasida ko’prik vazifasini bajaryapti. Tilga olinmayotgan asosiy masala immigratsiyadir”, - deydi tadqiqotchi Mariya Fernanda Perez Arguello.
Bu Meksika rahbarining Tramp bilan birinchi uchrashuvidir. Obrador Tramp kabi koronavirusni xavfli deb ko’rmaydi, kasallik alomatlari yo’qligi sababli biror marta testdan o’tmaganini aytib keladi.
Oq uyning bildirishicha, Meksika delegatsiyasining barcha a’zolari, jumladan prezident, koronavirus tekshiruvidan o’tkazilgan.
Prezident Obradorning aytishicha, Meksika boshqa mamlakatlar singari pandemiya davrida iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda va qo’shni davlat bilan yaxshi munosabatda bo’lishi shart. U AQSh bilan muzokaralarda qarama-qarshilik emas, dialog yo’lidan borishini qayd etgan.
AQSh-Kanada-Meksika savdo shartnomasi 1990-yillarda qabul qilingan NAFTA bitimi o’rnini egallaydi. Tramp eski bitimni Amerika bizneslari va ishchilari uchun zarar deya qoralagan edi.