Amerikada 11-12 million hujjatsiz muhojir yashaydi. Amerikaliklar qilmaydigan qora ishlarni, asosan, ular bajaradi. Ishchilar noqonuniy bo’lgani sabab ular haq-huquqlaridan mahrum, maoshi ham past. Nohukumat tashkilotlar ularga yordam beraman desa, yer egalarining kuchli qarshiligiga uchraydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Merilendning Karolina okrugidagi yerlar anchadan beri bahs maydoni. Bu yerda mihrant ishchilar mehnat qiladi.
“Yer egalari, agar mening yerimga beruxsat kiradigan bo’lsang, miltiqni olib chiqib otaman deb qo’rqitgan hollar bo’lgan”, - deydi shu yerga ishchilarni ko'rgani kelgan hamshira.
Bu ayol plantatsiyalarda ishlab, istiqomat qiladigan ishchilarni ko’rish uchun keladi. U “Amerika Ovozi”ga anonim tarzda intervyu berdi.
“O’zim bilan olti-yettita stul olib kelib, ishchilarga shundoq dalada tibbiy xizmatlar ko’rsataman”, - deydi hamshira.
Yer egalariga bu yoqmaydi. Hamshiraning aytishicha, ular ishchilarining kasallik varaqalarini ko’rishni talab qiladi.
“Ishchilarimga maosh to’layman, qog’ozlarini ko’rishga haqqim bor, deyapti. Biz rozi bo’lmadik, u esa bizga bu yerga boshqa kelmaslikni buyurdi”, - deydi bermorlarni ko’rgani kelgan shifokor.
Bu yerga chetdan tashrif buyuruvchi boshqa odamlar ham shunday muammolarga duch kelmoqda. Merilend Huquqiy yordam tashkiloti vakillari Nora Rivero va Natan Norton ham fermerlar ishchilar bilan uchrashishga ruxsat bermayotganidan noliydi. Bu narsa noqonuniy, deydi ular.
“Migrant ishchilar kamida ijarachi kabi huquqlarga ega. Kimdir ularni ko’rgani kelsa, qabul qilishga haqqi bor. Huquqiy yordam, diniy ehtiyojlar va sog’liq uchun kelgan odamlarni kiritmaslik noqonuniy”, - deydi huquqshunos Norton.
Huquq faollariga ko’ra, yer egalari ishchilarning huquqiy savodxonligi oshishini istamaydi. O’z haqqini tanigan ishchi ko’proq maosh yoki ish sharoitlarini yaxshilashni talab qilishi mumkin. Bu esa dehqonlarga yoqmaydi. Shuning uchun chetdan kelgan har qanday odamni ichkariga kiritmaslikka urinishadi.
“Yer egalaridan biri menga sen o’g’ri bo’lsangchi, mulkimga beruxsat kirgan odamni otish huquqiga egaman, deb qichqirdi”, - deydi Norton.
Yaqinda bir ishchi bu yerda vafot etdi. Natan va Nora jasadni olib ketishga yordamlashish uchun fermaga keldi. Vafot etgan ayol bilan shu yerda birga ishlagan jiyani Antoni Dimeyning aytishicha, ishchilar ishini yo’qotishdan qo’rqib chetdan kelgan odamlarga gapirmaydi.
“Boshqalarga qaraganda huquqlarimni yaxshiroq bilaman. Odamlar o’z haqlarini talab qilishni yoqtirishmaydi, haq-huquqlaridan foydalanishga qo’rqishadi”, - deydi Antoni.
Shu yerda suhbatimiz uziladi. Qayerdandir yer egasi paydo bo’ladi.
“Rahmat, ertaga yana gaplashamiz”, - deya xayrlashadi Norton.
Yer egalari bilan gaplashish uchun qilgan qo’ng’iroqlarimizga hech kim javob bermadi. Fermerlar assotsiatsiyasining aytishicha esa, huquq faollari vaziyatni bo’rttirib ko’rsatyapti. Faollar dehqonlar yeriga shartlarsiz doim kirib chiqishni istaydi, buni esa fermerlar xohlamaydi, deydi ular. Ammmo vaziyat jiddiy bo’lgani uchun huquq faollari uyushmasi BMTga murojaat qilib, ishchilar ahvolini yaxshilash uchun AQSh hukumatiga bosim o’tkazishni so’radi.
Aks holda, biz ishimizni yashirincha davom ettirib yuraveramiz, deydi fermaga tez-tez kelib turadigan hamshira.
“Bu plantatsiyalarga har doim zarurat bo’lganda, erkin kelib ketishni istaymiz. Doim kimdandir avval ruxsat so’rash, kir yuvish xonalarida qon olish yoki dorilarni uchinchi odam orqali berib yuborish o’rniga to’g’ridan to’g’ri ishchilarning uylariga bora olishimiz kerak”, - deydi hamshira.
Hozircha Natan va Nora ishchilarga o’zlari xohlagandek yordam bera olmaydi. Ular vaziyat yaxshilanadi, degan umidda.