Tennesidagi otishmada to'rt harbiy o'lgan

  • Amerika Ovozi

Otishmani sodir etgan shaxs - Muhammad Yusuf Abdulaziz

AQSh Federal qidiruv byurosi Tennesi shtatidagi otishma yuzasidan tergov boshlagan. Chatanuga shahrida joylashgan harbiy-dengiz kuchlari inshootlarida kecha to'rt harbiy otib o'ldirilgan.

Qidiruv byurosi agenti Ed Reynxold so'zlariga ko'ra, jinoyatni sodir etgan shaxs xalqaro terrorchi guruhlarga aloqador ekani to'g'risida hozircha biror ma'lumot yo'q.

24 yoshli Muhammad Yusuf Abdulaziz askarlarni yollaydigan markazni o'qqa tutgan, politsiya bilan otishmada o'zi ham halok bo'lgan. Yana ikki harbiy jarohat olgani ma'lum.

Huquq-tartibot xodimlari bu shaxsning uyini tintuv qilgan. Guvohlar ikki ayol qo'li kishanlangan holda olib ketilganini aytadi.

"Muhammad Yusuf Abdulaziz yashagan va qatnagan joylar, u borgan do'konlar, oilasi, do'stlari, kimlar bilan yaqin bo'lgani - hammasini tekshiryapmiz. U nega qo'liga qurol olganini aniqlaymiz" - deydi tergovga boshchilik qilayotgan Ed Reynxold.

Xabarlarga ko'ra, Abdulaziz Quvaytda tug'ilib o'sgan, Amerikada bir necha yildan buyon yashab kelayotgan bo'lgan. U "Islomiy davlat" yoki boshqa jihodchi guruhlardan ruhlanganmi, ular bilan aloqada bo'lganmi, rasmiylar aynan shunga e'tibor qaratmoqda.

Otishma ketidan Amerika bo'ylab barcha federal idoralarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Prezident Barak Obama harbiylarning oilalariga hamdardlik bildirdi.