AQShning Tennesi shtatidagi otishma ketidan olti shtat gubernatori Milliy gvardiyaga qarashli idoralarda xizmatchilarni qurollantirishga buyruq berdi.
Arkanzas, Florida, Indiana, Luiziana, Oklaxoma va Texasda qurolli kuchlar safiga askar yollaydigan markazlarda xavfsizlik qoidalari qayta ko'rib chiqilmoqda.
Milliy gvardiya armiya emas va odatda xorijdagi urushlarga jalb etilmaydi. Uning vazifasi AQShning o'zida fuqaro xavfsizligini ta'minlash, favqulodda hollarda qutqaruv ishlarini olib borishdir. Har bir shtat o'z gvardiyasiga ega.
16-iyul kuni Tennesidagi harbiy inshootlarda qurollangan shaxs Iroq va Afg'onistondagi urushlarda xizmat qilgan besh harbiyni otib o'ldirgan edi. Ikki avtomat bilan qurollangan Muhammad Yusuf Abdulazizning o'zi ham politsiya bilan otishmada halok bo'lgan.
Uning oila a'zolari fojiadan chuqur taassufda. 24 yoshli Abdulaziz uzoq yillar ruhiy tushkunlikdan qiynalganini ma'lum qilishdi.
Falastinliklar oilasida katta bo'lgan, muhandis bo'lib ishlagan bu yigit AQSh fuqarosi bo'lgan, o'tgan yili yetti oy davomida Iordaniyada yashagan. Bu vaqt mobaynida u ekstremistik guruhlar bilan aloqa qilganmi, yo'qmi, tekshirilmoqda.
Tergovni olib borayotgan Federal qidiruv byurosi voqeani mahalliy terrorizm deb baholadi.
Tennesi shtatining Chatanuga shahridagi islomiy markazda hayit bayramiga bag'ishlangan tadbirlar bekor qilingan. Mahalliy musulmonlar harbiylar oilasiga hamdardlik bildirmoqda.