AQShda minimal ish haqini oshirish talabi yangramoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Minimal maoshni oshirish talabi

Amerikada fast-fud kafelarining ichshilari va ularni qo'llab-quvvatlayotgan odamlar minimal ish haqini oshirishni talab qilib, namoyishlar o'tkazmoqda.

Harakat tashkilotchilari namoyishlarni mamlakat bo'ylab yoyishni umid qilmoqda. Maqsad hukumatdan minimal ish haqini soatiga 15 dollargacha ko'tarishga erishish. Hozir federal minimal ish haqi soatiga 7 dollar 25 sent. Shtatlar ham eng kam ish haqini belgilashi mumkin.

Makdonalds, Sabvey, Burger King va boshqa fast-fud kafelarida ishlovchi oshpazlar va kassirlar Nyu-York hokimiyati yonida to'planib, qo'shimcha maosh talab qildi. Aksariyati ikki ishda ishlashga majbur.

“Men soatiga 8 dollar 75 sent olaman. Sakkiz yarim yil ishladim bir joyda, ammo haligacha na maoshimni ko'tarishdi, na hayotni tebratishga yetarli pul olaman”, - deydi Rebekka Kornik ismli bir ayol.

Nyu-York shtatida minimal ish haqi soatiga sakkiz dollar, ammo bu pulni ham uy uchun ijaraga, ham yegulikka yetkazish mumkin emas.

“Haftasiga 40-50 soat ishlayman, ammo bu pul ijaraga to'lashga yetmaydi. Oziq-ovqatni esa davlatdan oladigan moliyaviy yordam hisobiga xarid qilaman”, - deydi Elvin Meyjor.

U yaqinda Daniyada bo'lganini, u yerda ham Makdonaldsda ishlab, soatiga 20 dollar pul olganini aytadi.

"Daniyada minimal ish haqi yo'q, ammo fast-fud kafelarining ishchilari soatiga 20 dollar olmoqda. Nega Daniyada soatiga 20 dollar to'lashadiyu, Nyu-Yorkda atigi sakkiz dollar"?

Yana bir namoyish Chikago shahrida bo'lib o'tdi. U yerda ham maosh soatiga 8 dollar 25 sent. Ishchilar hayotdan qiynalayotganini aytadi.

"Chikagoda bunday maoshga yashash juda qiyin. Bir xonalik uyni ijaraga olish oyiga 850 dollardan ming dollargacha. Boshqa narsaga pul qolmayapti - shifokorga, tish doktoriga, axir tibbiy sug'urtam yo'q. Kasal bo'lsam ham ishdan javob ololmayman, axir pul yo'qotaman o'sha kun uchun”, - deydi Makdonaldsda ishlovchi bu odam.

Chikago shahar kengashi merning 2019-yilgacha minimal ish haqini shahar miqyosida soatiga 13 dollarga ko'tarish taklifi bo'yicha ovoz berishi kutilmoqda.

Ammo kichik biznes egalari shahar ularga yordam bermasa, maoshni oshirolmasligini aytadi.

"Agar qaror qabul qilinsa va bu ish to'g'ri yo'lga qo'yilmasa, biz xizmatlarimiz va mahsulotlarimiz narxini ko'tarishga majbur bo'lamiz", - deydi poyabzal ustaxonasining egasi.

Boshqalar nazarida esa maosh yaxshiroq bo'lsa, ishchilar ham samaraliroq ishlashadi.

"Har bir tadbirkor ishchilari yaxshi bo'lishini istaydi", - deydi sartaroshxona egasi.

Ammo namoyishchilar nazarida ularning arzon mehnatidan yirik korporatsiyalar foyda ko'rmoqda. Bizni ekspluatatsiya qilayotgan o'shalar, deydi Viktor Guzman, Chikagodagi Makdonalds xodimi.

"Korporatsiyalar milliardlab dollar foyda olyapti, ishchilariga esa yetarli haq to'layotgani yo'q. Bu adolatdan emas. Nega bunday qilishyapti? Axir bizga ko'proq to'lashga qurbi yetadi ularni, to'lagisi yo'q, xolos", - deydi u.

Fast-fud kafelari tarmog'ining izohi shuki, oshxonalarni mustaqil tadbirkorlar yuritadi va xizmatchilariga ham maoshni o'shalar to'laydi.

Namoyish yetakchilarining aytishicha, Amerikaning 190 shahrida rejalangan chiqishlarga uyda qariyalarga qarovchi ishchilar va aviakompaniya xizmatchilari ham jalb qilinadi.