Din

AQSh musulmonlari maktablarda hayit dam olish kuni bo'lishini istaydi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh maktablarida: Hayit bayram bo'lsin!

Amerikada diniy ozchilikdagi guruhlar ko'payib borar ekan, ular davlat maktablarining nafaqat Rojdestvo yoki Pasxa bayramlarida, balki o’z dinlaridagi ayyom kunlari ham yopilishini talab qilmoqda. Merilend shtatining Montgomeri okrugida musulmonlar har ikki hayitning maktablar uchun dam olish kunlari deb e’lon qilinishini so’ramoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Musulmon bayramlari, Behzod Muhammadiy

AQSh maktablarida diniy ozchilik guruhlarga mansub o’quvchilar soni ko’pchilikni tashkil etmaydi. Ammo Merilendning Montgomeri okrugida musulmonlar soni 10 foiz atrofida. 4-sinf o’quvchisi Musa Siddiqiy hayit kuni maktablar yopilmaganidan norozi.

“Bayram o’quv kuniga to’g’ri kelsa, darslarimni qoldirishimga to’g’ri keladi. Bu o’quv kundaligimga ham tushadi. Shu narsa menga yoqmaydi”, - deydi u.

Zaynab Chaudrining aytishicha, hayit kunlari musulmonlar darsdan ozod qilinadi, ammo o’quvchilar bundan yutqazadi.

“Chunki darslar davom etadi. O’qituvchilar o’qitadi. Shu kunga imtihon belgilangan bo’lsa, maktabga kelmagan o’quvchi uni o’tkazib yuborishga majbur bo’ladi”, - deydi u.

Montgomeri okrugi mamlakatning ta’lim sifati eng yaxshi hududlaridan hisoblanadi. Bu yerda turli diniy bayramlarga ega rang-barang o’quvchilar ko’p.

Bu yil Qurbon hayiti yahudiylarning Yom Kippur ayyomiga, maktablar ishlamaydigan kunga to’g’ri keladi.

Musulmon ota-onalar yaqinda okrug ta’lim kengashiga murojaat qilib, islomiy bayramlarni barchaga dam olish kuni deb e’lon qilishni so’radi.

Ammo kengash a’zolari bunga ko’nmadi.

“Davlat maktabi bo’lganimiz uchun, yaxshisi, taqvimdan barcha diniy bayramlarni olib tashlashimiz kerak”, - dedi kengash a’zolaridan biri.

Kengash o’quv kalendaridan barcha diniy bayramlarni, jumladan, Rojdestvoni ham olib tashlashga qaror qildi

“Kimdir musulmon jamiyatiga tenglikni ravo ko’rishni istamayotganga o’xshaydi”, - deydi musulmon faollaridan biri.

Musulmonlar vakili Saqib Ali qarorni xato deb atadi.

“Bu jamiyat orasida maktab kengashiga va ma’muriyatga qarshi norozilikka sabab bo’ladi”, - dedi u.

Darhaqiqat, ayrimlar Montgomeri maktablarini va musulmonlarni Rojdestvoga qarshi ekanlikda aybladi.

Diniy erkinlik markazi vakili Charlz Xeynsga ko’ra, kengash qarori bejiz emas.

“AQSh hozir dunyoda diniy jihatdan eng rang-barang mamlakat. Amerikada borgan sari ko’proq diniy jamiyatlar o’z huquqlarini talab qilishni boshlayapti. Ular biz ham shu yerdamiz; nasroniylar va yahudiylarni rasman tan olgansiz, bizchi, deb so’rashyapti”, - deydi u.

Xeynsning aytishicha, ozchilik guruh soni ma’lum miqdorga yetganda, maktablar yopilishi mumkin.

“Aks holda, maktab kengashlari konstitutsiyaviy huquqlarni buzmagan holda buni rad etishi mumkin”, - deydi u.

Nyu-York shahar meri Bill de Blasio o’tgan yili, agar qayta saylansa, hayit kunlari maktablarni yopishga va’da bergan edi. Agar u o’z so’zida tursa, Montgomeri okrugidagi va boshqa shaharlardagi musulmonlar o’z talabarini yana ko’tarishlari mumkin.