So’nggi ikki yilda AQShda huquq-tartibot organlari va qora tanlilar o’rtasida yuzaga kelgan to’qnashuvlar irq masalasini dolzarblashtirdi.
Maykl Braun, Sandra Blend va Erik Garner ismli fuqarolar politsiya qo’lida halok bo’lgandan keyin mamlakat bo'ylab norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi, “Qora tanlilar hayoti ham muhim” degan kampaniya boshlandi.
Bu voqealarni yoritish afro-amerikalik jurnalistlarga, ayniqsa, qiyin, chunki ular o’zining irqiy munosabatlar haqidagi fikrini chetga surib qo’yib, mavzuni oqilona yoritishi kerak.
Vashingtonda Qora tanli jurnalistlar milliy uyushmasi va Ispanzabon jurnalistlar milliy uyushmasi o'tkazgan yillik anjumanda jurnalistlar shu masalada fikr yuritdi.
Reyter televideniyesi muxbiri Konvey Gittens o’z tashkilotini Sandra Blend taqdirini yoritishga undaganini esladi. Bu afro-amerikalik ayol 2015-yilda Texasda hibsga olinganidan keyin qamoqda jon bergan. Rasmiylar ayol joniga qasd qildi, deya ta’kidlagan. Oshanda odamlar bunday talqinga qarshilik bildirib, ko’chalarga chiqdi.
"Ishim azob"
Muxbir Gittens va hamkasblari Blend o’limidan oldin politsiyachi bilan urushgani tasvirlangan video tarqalganida bu ishni yorita boshlagan.
“Voqealarni, ayniqsa, Blend o’limi haqida hikoya qilish men uchun juda qiyin bo’ldi, - deydi Gittens. - Bosh muharrirga bu voqeani yoritmoqchiman, deb birinchi bor aytganimda, u qanday yakun topishini, ayolning o’lishini hech o’ylamagan edim. Ruhan azoblandim”.
Betaraf muxbir ishini aynan shunday ruhiy qiyinchiliklar og’irlashtiradi.
“Albatta, men betaraf qolishga harakat qildim. Avvalambor, professional jurnalistman, qora tanlimanmi, oq tanli yoki xitoymi - farqi yo’q. Vazifam - voqealarni aniq hikoya qilish, faktlarni taqdim etish. Xulosani esa dasturimizni tomosha qilayotgan odamning o’zi chiqarsin”, - deydi u.
"Teletomoshabin “bu muxbir o’zi qora tanli bo’lgani bois bu mavzuni yorityapti", deyishini istamayman. Shuning uchun boshdan oxirigacha betaraf bo’lishim kerak”, - deya tushuntiradi jurnalist.
Murakkab jarayon
Oklaxomaning Tulsa shahrida qurolsiz qora tanli kishining politsiya zobiti tomonidan otib o’ldirilishini yoritgan jurnalist Farron Salliga ko'ra matbuot bunday voqealarni qancha ko’p yoritsa, jamiyatimiz uchun shuncha yaxshi. Shu yo’l bilan biz Amerika taraqqiyotini kafolatlaymiz, deydi u.
“Mamlakatimizga ishonaman, xabarlar esa bu yerdagi vaziyatni yaxshilash yo’lida xizmat qiladi, deb o’ylayman. Albatta hozirgi vaziyat amerikaliklar uchun dahshatli. Keyingi safar qayerda otishma boshlanishi yoki bomba portlashini bilmaydi kishi”, - deydi Salli.
“1960-yillarda shunday dahshatli hodisalardan keyin qora tanlilarga ovoz berish huquqini beradigan qonunlar qabul qilindi. Hozir ham kichik bir inqilob yuz bermoqda”, - deya qo'shimcha qiladi u.
Klinton va jurnalistlar uchrashuvi
Anjuman doirasida prezidentlikka demokratlardan nomzod Hillari Klinton jurnalistlar bilan uchrashdi. Ko’plab amerikaliklar unga ishonmasligi haqidagi savollarga javob berdi, kelajakda uning ma’muriyati qanday siyosiy muammolarga yuz tutishi haqida gapirdi.
Klinton, shuningdek, Federal qidiruv byurosi rahbari Jeyms Komining Klinton yozishmalarga oid bayonotini izohladi.
Arbob davlat kotibi bo’lganida shaxsiy elektron pochtasi orqali hech bir maxfiy maktubni yubormagani yoki olmaganini aytdi.