Los-Anjelesdagi yangicha muzey

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Los-Anjeles tabiat muzeyida/LA natural history museum

Ko’pgina shaharlarda odam ibtidoiy jamoa davri, haybatli mahluqlar, dinozavrlar yashab o’tgan zamonlarni ko’rmoqchi bo’lsa, tabiat tarixi muzeyiga boradi. Ammo zamon o’zgargani sari muzeylar ham yangicha tus olmoqda. Los-Anjeles shahrida ajoyib bir ko’rgazma ochildi.

Bu yerda toshbaqa, kalamush va ilonlar yonma-yon yashayotganiga guvohmiz. Sigir, mol-holning ham o’z burchagi bor. Adashmasdan topib borasiz.

“Muzeyda buni ko’raman deb o’ylamagandim”.

Tabiat tarixi muzeyiga kelgan Tim Uoters 1902-yilda yasalgan mashinani ko’rishni kutmagan edi. Yoki mashhur kinoaktyor Charli Chaplin kiygan kostyumni. Ha, bu Los-Anjelesdagi Tabiat tarixi muzeyida shahar tarixiga bag’ishlab ochilgan ko’rgazma eksponatlari. Mehmonlar Los-Anjeles tarixini o’rganishi, unga yangicha ko’z bilan qarashi mumkin.

Mana bir misol – sigir. Molning tezagi bu yerlar tabiatini o’zgartirib yubordi. Hudud uchun yot o’simliklar ko’paydi, deydi, muzey xodimi Jonatan Jillett:

“Maqsadimiz - madaniy tarix haqida hikoya qilish. Ko’rgazma orqali aynan shunga harakat qildik. Tabiat odamlarga qanday ta’sir qilgani, odamlar esa atrof-muhitni qanday o’zgartirganini ko’rish mumkin”.

Los-Anjeles tarixini Gollivudsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Mana bu kamera yordamida ovozsiz komediyalar suratga olingan. Kino sanoati va shaharning tarixi chambarchas bog’liq.

Gollivudni aks ettiruvchi eksponatlar barobarida muzey hovlisida o’simlik va hayvonlarni ham tomosha qilasiz.

“Los-Anjelesning turli joylari, yo’laklarda ham, binolar mo’rilarida ham hayot davom etadi. Bu hayvon turlarining shahar muhitiga qanday moslashishini o’rganamiz. Odamlarga o’xshab ular ham moslashuvchan,” - deydi muzey xodimi Kristin Fridrix.

Bizni an’anaviy tabiat tarixi muzeyi deb bo’lmaydi, deya e’tirof etadi u.

“Odatiy tabiat tarixi muzeyi deganimda XIX asrda asos solingan dargohni nazarda tutyapman. Javon ichiga o’lik hayvonlar tomosha uchun qo’yilardi. Yonida izoh bo’lardi. Odamlar qorong’i zallarda yurardi”.

Muzeylar o’zgarmoqda, deydi suhtbatdosh. Endi bu yerga kelgan odam yo’qolib ketish arafasida bo’lgan o’simlik va hayvonlar hamda insonning tabiatga ta’siri haqida tasavvurga ega bo’ladi.

“Bu ko’rgazmaning o’zi tarix-ku. Bizga nafaqat qadim zamonlar, balki hozirgi tarix va bizning undagi rolimiz haqida hikoya qilishyapti,” - deydi muzeyga kelgan Tim Uoters.

Lekin uning o’g’liga eski eksponatlar ko’roq yoqdi:

“Dinozavrlar bu ko’rgazmaga qaraganda qiziqroq,” - deydi bola.

Dinozavrlar hech qayerga ketmaydi. Ularga boshqa, tirik jonzotlar qo’shildi, xolos.