AQSh va Shimoliy Koreya harbiylari urush qatnashchisi jasadini birgalikda izlamoqda

  • Amerika Ovozi

Do'sti jasadini izlayotgan faxriy Tomas Xadner "Korsar" samolyoti oldida. 22-iyul 2013.

Yaqinda Koreya urushining amerikalik sobiq ishtirokchisi Tomas Xadner Shimoliy Koreyadagi qiziq bir ekspeditsiyani vaqtincha to’xtatib, vataniga qaytdi. 88 yoshli faxriy olis o’lkada 1950-yilda halok bo’lgan safdoshi, uchuvchi Jess Braun jasadini Amerikaga qaytarishni maqsad qilgan. Qidiruv ishlari hozircha natija berganicha yo’q. Lekin Shimoliy Koreyaning bu masalada amerikaliklar bilan hamkorlik qilayotgani muvaffaqiyat, deydi Xadner.

Tomas Xadner Koreya urushi paytida AQSh harbiy-dengiz flotida uchuvchi bo’lgan, dengiz piyoda askarlariga ko’p sonli Xitoy qo’shinlariga qarshi jangda havodan madad bergan.

Urushdan 63 yil o’tib, o’sha harbiylardan biri, “Kumush yulduz” ordeni bilan taqdirlangan Dik Bonelli Xadnerning safdoshi Jessi Braunni izlab topishga qaratilgan ekspeditsiyaga qo’shildi.

“Maqsadimiz aniq. Unga erishamiz degan umiddamiz, to’g’rimi, Tom?” - deydi Bonelli

“Tog’ri,” - deya javob beradi Xadner.

1950-yil 4-dekabrida Xadner va Braun bir motorli “Korsar” samolyotida havoga ko’tariladi. Braunning samolyoti dvigatel ishdan chiqqach, yerga qulaydi.

Pxenyan muzeyida Xadner o’zinikiga o’xshagan ikki samolyotni ko’rganida safdoshining halok bo’lgani darhol ko’z oldiga keldi. Dunyo e’tiboridan chetda qolgan mamlakatga qaytishdan maqsad yolg’iz do’stim jasadini topish emas, deydi Xadner.

“Sobiq dushmanlarimiz bizga qancha ko’p yordam bersa, dunyo shuncha yaxshi tomonga o’zgaradi. Buni Germaniya va Yaponiya kabi o’tmishdagi sobiq g’anim davlatlar bilan aloqalarimizdan bilamiz. Ular bizning yaqin hamkorimizga aylangan,” - deydi u.

Afsuski, Shimoliy Koreya rasmiylari kuchli yomg’irlar sababli bu mavsum samolyot qulagan hudud, Chosin suv omborxonasiga borish imkoni yo’qligini bildirdi.

Ammo davlat rahbari Kim Chen Unning qidiruv ishlaridan xabardor ekani ekspeditsiyani davom ettirishga umid bag’ishlamoqda.

Shimoliy Koreyalik harbiylar Xadner bilan uchrashuv chog’ida undan keyingi safar AQSh armiyasining sud ekspertlari bilan birga kelishni so’radi.

Ular, shuningdek, AQSh jurnalistlarini Shimoliy Koreya bunga rozilik berar ekan, bundan na moliyaviy foyda, na ikki tomonlama munosabatlarning yaxshilanishini kutayotganini ta’kidladi.

“Jasadni topish insoniy masala. Siyosatga hech qanday aloqasi yo’q,” – dedi Koreya xalq armiyasi rasmiysi Pak Ji Yon.

Xadner va Braun hikoyasi haqida kitob yozayotgan Adam Meykosning aytishicha, ekspeditsiyaning suv toshqini sababli samolyot qulagan joyga borolmagani achinarli hol.

“Ishni oxirigacha yetkaza olmaganimizdan ranjidik. Ammo uni bu mamlakatda orttirgan yangi do’stlarimiz davom ettiradigan bo’ldi. Shimoliy Koreya harbiylari kuzda biz bilan, biz bo’lmasak o’zlari qidiruvga qaytadi. Eng muhimi Jessining jasadini ona tuproqqa qaytarish. Bu ishni kim qilishi muhim emas,” - deydi yozuvchi.

Ikki urush faxriysi va ular bilan ekspeditsiyaga chiqqan amerikaliklar vataniga ko’ngli to’q qaytmoqda. Ularning koreyalik hamkorlari Jessi Braun jasadini qidirib, ona yurtiga qaytarishga va’da berdi.