Kongressga saylov oldidan sog'liqni saqlash tizimi islohoti dolzarb masala

  • Amerika Ovozi
Sog’liqni saqlash sohasida prezident Barak Obama tashabbusi bilan qabul qilingan islohot dasturi yuzasidan siyosiy bahslar tinmayapti. Noyabrda Kongressga saylovlar. Islohot to’g’risidagi qonun amal qila boshlaganidagi ilk muammolarga qaramay, hozirgacha yetti milliondan ziyod odam tibbiy sug’urta olgan.

Boshida yuzaga kelgan muammolar bartaraf etilganidan so’ng Obama tashabbusi bilan qabul qilingan qonun ommaviylashib bormoqda. Los-Anjelesda tibbiy sug’urtani targ’ib etgan tadbirda ko’ngillilar qo’li qo’liga tegmay ishlamoqda. Shu jumladan Elliot Perri ham.

“Ish zo’r ketyapti. Odamlar tibbiy xizmatlarga va sug’urtaga juda muhtoj,” - deydi u.

Ilgari sug’urtasiz yurgan Denni Segoviya endi dasturga yozilmoqchi.

“Agar shu yerning o’zida sug’urtalik bo’lib olsam, zo’r ish bo’lardi. Keyin yana sportga qaytardim,” - deydi yigit.

Prezident Obama yaqinda Oq uydagi chiqishida muvaffaqiyatlarni tilga oldi.

“Bu qonun yanada yaxshiroq amal qilishi mumkin degan har bir odam bilan hamkorlikka tayyorman. Ammo qonunni bekor qilish haqidagi gaplarni to’xtatish kerak. U kuchda qoladi!” - dedi Obama.

Kongressdagi demokratlar ham shunga umid qilmoqda. Ammo respublikachilar, shu jumladan spiker Jon Beyner qonunni tanqid qilishda davom etyapti.

“Men sizlarga qonundan ziyon ko’rgan saylovchilarimdan kelgan yuzlab xatlarni ko’rsatishim mumkin”.

"Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazidan Kerroll Doreti fikricha, respublikachilar noyabrda bo’ladigan saylovda aynan shu masalani ko’tarib ovoz beruvchilar e’tiborini qozonmoqchi.

“Bu respublikachilar tarafdorlarini bir oz jonlantira oladigan mavzu. Partiya saylovda ishtirok muhimligini yaxshi tushunyapti. Bu saylovchilar, ayniqsa respublikachilar tarafdorlari uchun og’riqli mavzu,” - deydi u.

Ammo sog’liqni saqlash tizimi va tibbiy sug’urta saylovdagi yagona masala bo’lmaydi, deydi ikki partiya siyosatini o’rganib keladigan Jon Fortye.

“Saylov natijalarini belgilaydigan ikki muhim omil mavjud: iqtisod qay ahvolda va Oq uydagi prezident faoliyatini qanday baholash mumkin? Odatda prezidentlik muddati o’rtasida o’tkazilgan saylov davlat rahbari uchun ijobiy bo’lmaydi, ko’plar unga tanqidiy yondashadi”.

Kuzgi saylov natijalari Obama prezidentligining qolgan ikki yiliga jiddiy ta’sir ko’rsatadi.