2-yanvardan beri Oregon shtatidagi yovvoyi tabiatni muhofaza qilish markazini egallab turgan qurolli guruh, talablari qondirilmaguncha, inshootni tark etish niyatida emas. Ular davlatga qarashli yerga o't qo'yganlikda ayblangan ikki fermerning ozod qilinishini va hukumat tortib olgan yerlar dehqonlarga qaytarilishini talab qilmoqda.
Rancho sohiblari Dvayt Linkoln Hammond va uning o'g'li Stiven haqiqatda yerga o't qo'yganini tan olgan. Lekin ular o'z yerlarida zararkunanda o'tlarga qarshi kurashganini, alanga tasodifan hukumat maydonlariga tarqalganini aytadi. Har ikkisi bu qilmishi uchun qisqa vaqt qamoq jazosini o'tadi. Lekin federal sud hukmiga ko'ra, ular kam jazo olgan va turmaga qaytib, yana to'rt yil o'tirishi kerak.
"127 akr yer uchun meni besh yillik qamoqqa jo'natishyapti. Bu shafqatsizlik", - deydi Dvayt Hammond.
U qamoqqa qaytishga rozi, ammo qo'chimcha jazo muddati AQSh bo'ylab ko'plab dehqon va fermerlarni g'azablantirdi. Ularga ko'ra, hukumat odamlarga rizq manbai bo'lgan ko'plab yerlarni tortib olmoqda.
"Biz hukumat bu masalaga e'tibor qaratsin deb boshqa usullardan foydalanishga ko'p urindik. Ammo natja yo'q, nimadir noto'g'ri", - deydi guruh yetakchisi Emmon Bandi.
Qariyb yuz kishi, xususan, fermer va rancho egalaridan iborat guruh Berns shahri yonidagi yovvoyi tabiatni asrash markazini egallab turibdi. Ular hukumatdan tortib olingan yerlarni dehqonlarga qaytarishni talab qilmoqda.
"Hukumatni o'z ishini bajarishga undash odamlarning burchi", - deydi Bandi.
Emmon Bandi va uning oilasi ikki yil avval ham davlat yerlari ustida hukumat bilan talashgan.
Mahalliy aholi fermerlarni himoya qilmoqda, ammo huquqlarning qurol yo'li bilan himoya qilinishiga qarshi.
"Bunday ishlarni amalga oshirishning to'g'ri yo'llari bor. Agar xohlaganimizga erisha olmasak, qo'lga qurol olib isyon ko'taramiz, deyish to'g'ri emas", - deydi mahalliy cherkov ruhoniylaridan biri.
Federal xavfsizlik kuchlari mojaroni tinch yo'l bilan hal qilishga urinmoqda. Ehtiyot yuzasidan yaqin atrofdagi maktablar yopilgan.