Vashington Janubiy Amerika bilan harbiy hamkorlikni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Leon Panetta Braziliya mudofaa vaziri Selso Amorim (chapda) bilan jurnalistlar savollariga javob bermoqda. 2012-yil 24-aprel.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta shu hafta Kolumbiya, Braziliya va Chilida harbiy hamkorlikni muhokama qildi. Harbiy byudjetni kamaytirayotgan Vashington Janubiy Amerika davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirish payida. Maqsad - narkotik moddalar kontrabandasi va terrorizmga qarshi kurashni jadallashtirish.

Bogotada Panetta Kolumbiya erishgan yutuqlar haqida gapirdi. AQSh bu yerda harbiylar uchun treninglar uyushtirgan, zamonaviy jihoz ajratgan, hammasi bo’lib milliardlab dollar sarflagan. Mamlakat noqonuniy narkotiklar savdosi va qurollangan guruhlar bilan kurashda sezilarli muvaffaqiyatga erishdi. Hozirda Kolumbiya mintaqaning boshqa davlatlari bilan tajriba almashmoqda.

Janubiy Amerikaning yana bir davlati Venesuela esa Vashington xavotiriga sabab.

“Qo’shma Shtatlar butun mintaqada xavfsizlikni ta’minlay oladigan kuchli armiya tuzilishiga qarshi emas. Venesuela aynan shu bilan mashg’ul – armiyani kuchaytirmoqda. Biz bunga qarshi emasmiz, ammo bu armiyadan maqsad nimaligi va harbiylardan qanday foydalanmoqchiligidan xavotirdamiz,” – dedi AQSh rasmiysi.

So’ngra u Braziliyaga bordi. By mamlakatda AQSh harbiylar uchun treninglar uyushtradi. Rio-de-Janeyroda Panetta harbiylar bilan uchrashdi.

“Qo’shma Shtatlar va Braziliya o’rtasidagi munosabat ikki qudratli davlat o’rtasidagi munosabatdir. Biz Braziliyaning oshib borayotgan ta’siridan mamnunmiz, uni qo’llab-quvvatlaymiz va mudofaa sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish niyatidamiz. Chunki biz Braziliya qudratliroq bo’lsa, xalqaro xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo’shishiga ishonamiz”.

Panetta Braziliya rahbariyatini AQShdan qiruvchi samolyotlarni sotib olishga undadi.

Panettaning Janubiy Amerika bo’ylab safari Chiliga tashrif bilan yakunlandi. Bu mamlakat Vashingtonning eng yaqin harbiy hamkorlaridan.