Pentagon yuqori malakali mutaxassislarga muhtoj

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter

2001-yil 11-sentabrdan keyin ishga yollanganlarning iste’foga chiqishi kutilayotgan davrda zamonaviy texnologiyalarni yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga talab oshgan. Mamlakat iqtisodidagi o’sish yangi ish joylarining ko’payishiga olib kelgani ham talab yuqoriligidan dalolatdir. Bunday vaziyatda AQSh Mudofaa vazirligi oliy toifali mutaxassislarni topishda qiynalishi mumkin, deya e’tirof etdi dushanba kuni Mudofaa vaziri Eshton Karter.

U yiliga 250 ming yangi odam yollanishi kerakligini qayd etdi.

Yoshi 17 dan 21 gacha bo’lgan amerikaliklar soni 21 millionga teng. Ulardan uchdan bir qismi qurolli kuchlarda xizmat qila oladi. Yarmisi kirish imtihonlarini topshira olmaydi. Qolganlari jismoniy yoki xulqiy jihatdan to’g’ri kelmaydi, dedi Karter.

Vazir yoshlarga armiyada xizmat qilishni targ’ib etar ekan, imkoniyatlar kattaligini tilga olib, harbiy karyerani tanlagan yigit-qizlarga, xususan, oliy ma’lumot olish uchun 284 ming dollargacha yordam puli ajratilishi mumkin, dedi.

“Qiyinchiliklar va xavf bor, albatta, - dedi Karter, - ammo harbiy hayot nihoyatda qoniqarli va sermahsul bo’lishi mumkinligini tushunishingizni istardim”.

Hozirda Pentagon rahbari AQSh harbiy ustuvorligini saqlab qolish maqsadida yoshlar orasida armiyaga qo’shilish bo’yicha targ’ibot olib bormoqda.

Uning dushanba kuni Filadelfiyadagi Abington maktabida qilgan chiqishi ham shu targ'ibot ishlarining bir qismi.

Karter ayrim kasblar, xususan internet bilan bog’liq lavozimlarga ishga olishdagi yoshga bo'lgan talabni yumshatish tarafdori.

Ayni vaqtda uning muovini Bob Uork Pentagonning yuqori texnologiyalarga ehtiyojini aniqlash harakatida. Maqsad – AQShning harbiy sohadagi ustuvorligini kamida kelasi 70 yil davomida saqlab turish.

“Siz texnologiyalardan foydalanib katta bo’lyapsiz. Oldingi avlodlarga qaraganda bu haqda ko’proq bilasiz”, - dedi Karter.

Vazir xavotirlariga qaramay AQSh qurolli kuchlarga qo’shilishni istagan yigit-qizlar kam emas. Afg’onistonda urush avjida bo’lganida askarlikni tanlagan yoshlar kamaygan edi. O’shanda Pentagon ularga taklif etiladigan moliyaviy mablag’ni ko’paytirgan.