Filippin AQShdan harbiy madad kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Filippin harbiy dengiz floti askarlari

Filippin va AQSh rasmiylari Sovuq urush davrida harbiy hamkorlik bo’yicha bitim imzolagan. Kelishuvga ko’ra, agar Filippin tashqi dushman hujumi ostida qolsa, AQSh yordamga yetib kelishi kerak. Ushbu bitimning bugungi huquqiy maqomi qanday? AQSh hanuz Filippinni dushmanlardan himoya qilish majburiyatiga egami? Filippin Xitoy bilan dengiz hududlarini talashar ekan, yarim asrlik bitimni ro’kach qilib, AQShdan harbiy yordamga umid qilmoqda.

So’nggi paytlarda Vashington va Maniladagi siyosatdonlar 1951-yilda imzolangan harbiy hamkorlik bitimi o’z ichiga nimalarni qamrab olishi va uni bugungi sharoit uchun qanday tatbiq qilish mumkinligi haqida bosh qotirmoqda.

Agar Xitoy va Filippin Subik bo’g’ozidagi 200 kilometrlik hududni talashib, o’rtada harbiy nizo kelib chiqsa, shartnomaga ko’ra, Vashington yordam qo’lini cho’zishga majburmi? Hozircha rasmiylar bu haqda aniq bir gap aytmayapti.

O’tgan oy Filippin harbiylari o’z chegarasiga yaqin hududda baliq ovlayotgan xitoylik dengizlarni qo’lga olishga urindi. Ushbu dengiz hududlariga da’vo qiluvchi yana bir mamlakat – Xitoy harbiylari voqea joyiga yetib borib, baliqchilarning hibsga olinishiga yo’l qo’ymadi. Shundan beri ikki davlat o’rtasida chegaraga oid ziddiyat yanada keskinlashdi.

Bu mamlakatlar Luzon oroli yaqinidagi dengiz hududini o’ziga qarashli deya da’vo qiladi. Vashington va Manila o’rtasida imzolangan tarixiy bitimda Janubiy Xitoy dengizidagi bu hududlar haqida hech narsa deyilmagan. Ammo Filippin Tashqi ishlar vazirligi 1979 va 1999-yillarda AQShdan olingan harbiy hamkorlikka oid rasmiy maktublarni ommaga oshkor qilib, ushbu bitiklarda AQSh bu hududlarni himoya qilishda rasmiy Manilaga yordam berishni o’z zimmasiga olganini ta’kidlaydi.

O’tgan yili AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton rasmiy Vashington Filippin bilan bitilgan shartnomaga rioya qiladi, deb aytgan edi. Ammo Xitoyning Filippinga hujum qilishi kabi taxminlar olg’a surilganda, Amerika qanday yo’l tutishi haqida izoh berishdan bosh tortgan.

Gavayidagi Sharq-G’arb tahlil markazi yetakchi eksperti Denni Royga ko’ra, bitim matni va so’nggi yillarda unga doir bayonotlarga haddan tashqari ko’p e’tibor berilmoqda.

“Men shunday holat ro’y bersa, AQSh manfaatlaridan kelib chiqib nima qilgan yaxshi degan savolga javob izlagan bo’lardim. AQSh va Xitoy Spartli kabi orollar ustidan bir-biriga urush ochadi, deb o’ylamayman. Bu ahmoqlik. Bir parcha qog’ozni deb AQSh ham, Xitoy ham bu kabi ahmoqona ishga qo’l urmaydi”, deydi u.

Filippin dengiz kuchlari zamon talablariga javob bermaydi. Bir necha yengil qurollangan harbiy kemaga ega, xolos. Hatto birorta ham qiruvchi samolyotiga ega bo’lmagan bu davlat armiyasi qudratli Xitoy harbiy-dengiz floti hujumlariga dosh bera olmasligi aniq.

Shunday ekan, Manila AQSh harbiy ko’magiga muhtoj, deydi tahlilchi Roy.

“Filippin AQSh bilan tuzilgan mudofaa bitimini imkon qadar o’z manfaatiga mos talqin qilishdan manfaatdor, albatta. Har bir tomonning o’z maqsadi borligini unutmaylik. Filippinning maqsadi imkoniyat borida o’z da’volarini aytib qolish. Kelajakda Xitoyning hududdagi mavqei kuchaygan paytda bu narsani amalga oshirish qiyin bo’ladi”, deydi tahlilchi.

Filippinliklar orasida AQShdan harbiy madad so’rashni istihola qiluvchilar ham bor.

Filippin tarixan AQSh koloniyasi bo’lgan. Ikkinchi jahon urushi davrida AQSh uni Yaponiya istilosidan ozod qilgan. Ammo urushdan keyingi yillarda Amerikaga qarshi kayfiyat kuchayib, 1991-yil Senat mamlakatdagi AQSh harbiy bazasini yopish haqida qaror qabul qiladi. Shunga qaramay Sovuq urush davrida imzolangan 1951-yilgi bitim esa o’z kuchida qoladi.

Filippin universiteti professori Karolina Xernandesning aytishicha, AQSh harbiylarini mamlakatdan chiqarish uchun kurashgan ayrim filippinliklar hozir bu ishlaridan afsuslanadi.

“Hatto so’l qanot guruhlari orasida ham Filippin bir o’zi Xitoyga qarshi tura olmasligiga ishonuvchi toifalar bor. Rasmiy Vashingtonning Janubiy Xitoy va G’arbiy Filippin dengizlaridagi strategik manfaatlari ayni paytda Filippin manfaatlari bilan hamohang ekan, AQSh harbiylari bu manfaatlarni himoya qilish uchun bu yerga yetib kelishi mumkin”, deydi professor.

Maniladagi Strategik va taraqqiyot tadqiqotlari instituti asoschisi Xernandesning aytishicha, ko’plab filippinlilklar AQSh Xitoy bilan mavjud savdo aloqalarini buzmaslik uchun Filippindagi manfaatlaridan voz kechishi mumkinligidan xavotirda.

“AQSh hamkorligini ishonchsiz deb hisoblovchilar bor. Ular AQSh Filippindagi dengiz manfaatlarini deb Xitoy bilan shundoq ham mo’rt bo’lib turgan aloqalarini xavf ostiga qo’yishiga ishonmaydi. Chunki bilishadiki, dunyodagi yangi kuchlar tizimida Pekin-Vashington hamkorligi muhim o’rin tutadi va AQSh Filippinga yordam berolmaydi”, deydi Xernandes.

AQSh davlat kotibining sobiq o’rinbosari Jon Boltonga ko’ra, Xitoy haddidan oshyapti.

“Filippin o’z tarixi, geologiyasi, imzolangan shartnomalardan kelib chiqib, hududga da’vo qilishga haqli. Ko’pchilikning fikri shuki, Xitoyning hududlar bo’yicha da’vogarligi me’yoridan oshib ketgan”, deydi Bolton.

Sobiq rasmiyning aytishicha, chegara bahslari ASEAN mintaqaviy tashkiloti doirasida hal qilinishi lozim. Shu tariqa bu davlatlar Xitoyning xalqaro dengiz hududlari ustidan da’vogarligiga qarshi AQSh bilan bir xil qarashga ega bo’ladi, deydi Bolton. Yana uning aytishicha, Xitoy jiddiy qarshilikka uchramaguncha, dengiz hududlari ustidan egalik o’rnatishga bo’lgan urinishini to’xtatmaydi.

“Ular saylov arafasida AQShning e’tibori ichki masalalarga qaratilganidan foydalanishi mumkin. Ular Obamaning saylovda mag’lub bo’lish ehtimoli borligini ko’rib, bor kuchini Oq Uyga kuchsiz prezident kelishini ta’minlashga qaratib ko’radi. Shu bois ham ASEAN davlatlari qisqa muddat ichida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi maqsadga muvofiq bo’lar edi”, deydi Bolton.

Ayrim tahlilchilar fikricha, Pekin uchun AQSh ma’muriyatini tinchlik tarafdori sifatida ko’rish noto’g’ri. Xitoy kuchlari Filippin flotiga hujum qilsa, Vashington harbiy kemalarini safarbar etishdan qaytmasligi mumkin, biroq yaqin kelajakda muammolar muloqot orqali hal etiladi, deb hisoblovchilar ham bor.

Tabiiy resurslarga boy Janubiy Xitoy dengizi ustidan Xitoy da’vosi tobora oshib borayotgan hamda AQSh bundan buyon o’z e’tiborini Tinch okeani va Osiyo mintaqasiga qaratishi haqida e’lon qilgan bir paytda nizolarning osonlikcha yechim topishi mushkul.