AQSh Janubiy Xitoy dengizida faollashmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Janubiy Xitoy dengizidagi Jon K. Stennis avianosetsi, 15-aprel, 2016-yil

AQSh Janubiy Xitoy dengizidagi amaliyotlarda harbiy ishtirokini kengaytirmoqda. Filippin bilan olib borilayotgan yangi harbiy mashg'ulotlar shundan dalolat beradi.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Manilada o'tkazilgan konferensiyada mart oyida Janubiy Xitoy dengizida ilk bor qo'shma qo'riqlov amaliyoti o'tkazilganini aytdi. Aprel oyida shu amaliyotning ikkinchisi o'tkazilgan.

Filippin qo'shma dengiz kuzatuvini amalga oshirish bo'yicha Yaponiyadan so'ng AQSh hamkorlik qilayotgan ikkinchi davlatdir.

"Bunday kuzatuvlarni muntazam faoliyatimizning bir qismiga aylantirish yo'llarini tekshiryapmiz", - dedi Filippin Mudofaa vaziri Volter Gazmin.

AQSh va Filippin o'rtasida harbiy hamkorlikning kengayayotgani Xitoy mintaqadagi orollarga egalik da'vosi bilan agressiv siyosat olib borayotgan bir paytda yuz bermoqda.

Xitoy da'vosiga ko'ra, dengizning katta qismi unga tegishli va o'z harbiylarini joylashtirsh uchun Pekin hatto 1200 gektar sun'iy orollar ham yaratgan. Bruney, Malayziya, Filippin, Tayvan va Vyetnam ham orol va qoyalarning bir qismiga da'vogarlik qiladi.

AQSh Janubi-sharqiy Osiyo dengiz xavfsizligi tashabbusi doirasida bir qator harbiy amaliyotlarda ishtirok etmoqda. Ushbu loyihalarda dengiz hududlari chegarasini aniqlash, razvedka ma'lumotlarini yig'ish, kuzatish va qo'riqlash ishlari amalga oshiriladi.

Vashington, shuningdek, Filippin dengiz flotini zamonaviylashtirishga yordam beradi. Ikki mamlakat harbiylari o'rtasida axborot almashish tizimini yo'lga qo'yishga kelishib olingan.

Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bilan tuzilgan besh yillik harbiy kelishuv doirasida 425 million dollarlik ish amalga oshiriladi.