AQShning ayrim hududlarida huquq-tartibot organlariga xodim yollash qiyinlashgan. Mamlakatdagi eng yirik sherif boshqarmasi Los-Anjelesda.
Treningning birinchi kuni “Qora dushanba” deb ataladi.
“Akademiyaga kelgan yangi o’quvchilarni shunday kutib olamiz. Ularning qandayligini tekshiramiz. Ular esa sheriff muovini bo’lish nimaligini tushunadi,” - deydi instruktorlardan biri serjant Pit Enchiso.
“Bu kasb hamma uchun emas. Men “Qora dushanba”da shunday asabiylashganmanki, betob bo’lib qolganman,” - deydi shu akademiya bitiruvchisi Kristian Devis.
22 yoshli Devisning aytishicha, o’sha “Qora dushanba” kuni uch kishi akademiyani tashlashga qaror qildi.
“Akademiyada ular yuz tutadigan stress xuddi ko’chadagi, ish paytidagi stress bilan baravar,” - deydi serjanrt Enchiso.
Ayrim mahallalarda politsiyaga bo’lgan ishonchsizlik va qo’rquv stressni kuchaytiradigan omildir. Bu politsiyaning bir necha kishini otib o’ldirishi ommaviy noroziliklarga olib kelganidan so’ng boshlandi.
“Huquq-tartibot organlari uchun, kasbimiz obro’si uchun qiyin davrni boshdan kechiryapmiz. Ayrimlar bu kasbdan qochayapti deb o’ylayman, chunki ular faoliyati yaqindan kuzatilishini yoki norozilik nishoniga aylanishni istamaydi,” - deydi sherif boshqarmasidan Todd Rojers.
Vaholanki, malakali nomzodlarni topishning o’zi murakkab vazifa. Ular turli tekshiruvlardan, jismoniy va ruhiy sinovdan hamda yozma imtihondan o’tishi shart.
Los-Anjeles sherif boshqarmasiga ko’ra, ariza topshirgan 100 kishidan biri tanlovdan o’ta oladi va akademiyani bitiradi. Boshqa boshqarmalarda ham ko’rsatkichlar shu.
“Tabiiyki, jismoniy jihatdan zo’r ahvolda bo’lganlar kerak bizga. Bundan tashqari, gapga usta bo’lsin, departamentimizning obro’li vakiliga aylansin. Qiyin vaziyatlarda miyasini ishlatib, yechim topa olsin. Posbonlarimiz xavfsizligi ustuvor maqsad ekanini tushunsin,” - deydi serjant Robert Pikovits.
Qiyinchiliklarga qaramay, Kristian Devisga o’xshaganlar akademiyaga kirishga va o’qishni bitirishga harakat qiladi.
"Eng muhimi, bu kasbni yaxshi ko’rish kerak. Jamiyatga xizmat qilishni, tinchlik va xavfsizlikni qo’riqlashni xohlovchilar kerak,” - deydi u.
“Hech qaysi kasbda javobgarlik hissi bunchalik yuqori emas. So’nggi oylarda yangiliklarni tomosha qilib, buni tushungan bo’lsangiz kerak. Ko’plab kasblarda vaqt o’tgan sari ishlash osonlashsa, huquq-tartibot organlarida kundan-kunga qiyinlashadi,” - tushuntiradi Los-Anjeles sherifi Jim Makdonnel.
Posbonlar esa jamiyat ishonchini qozonish uchun ham ruhan kuchli bo’lishi, ham ayni vaqtda odamlarga rahmdillik bilan yondashishi va doim kamtar bo’lishi kerak, deydi Makdonnel.