Kelayotgan yil Amerika siyosatida murakkab bir davr bo'lishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Kelayotgan yil Amerika siyosatida murakkab bir davr bo'lishi kutilmoqda

2010 yil AQSh siyosiy sahnasida o’zgarishlar davri bo’ldi. Barak Obama prezidentlikka saylanganidan ikki yil o’tib, muxolifat – Respulikachilar partiyasi Kongress saylovlarida g’alaba qildi.

Vakillar Palatasida endi ular ko’pchilikni tashkil etar ekan, demokrat prezident hozirdan kuchli qarshilik bilan yuzlashmoqda. Siyosatdonlar nazarida 2011 yilda partiyalar-aro tortishuv avj olib, siyosat boshi berk ko’chaga kirib qolsa ajabmas.

2010 yilda Barak Obama qator islohotlarni amalga oshirishga ulgurdi. Inqiroz ketidan moliyaviy nazorat oshirildi. Meksika bilan chegarada bugun xavfsizlik kuchaytirilgan. Eng muhim yutuq, deydi prezident, bu - Amerika sog’liqni saqlash tizimi butkul isloh qilinayotganidir.

Lekin ko’pchilik unga mamlakatdagi ishsizlik, iqtisodiy ahvolga qarab baho beradi. Noyabrda o’tgan saylovda Obamaning partiyasi muxolifatga boy berdi. Vakillar Palatasida endi respublikachilar hukmron.

Natijada, deydi siyosatdonlar, 2011 yil silliq kechmasligi aniq. Prezident siyosiy-iqtisodiy sohalarda ko’zlagan loyihalar osonlikcha ovozdan o’tmaydi.

Kelayotgan yil Amerika siyosatida murakkab bir davr bo'lishi kutilmoqda

“Siyosatchilar bir-biri bilan tortishib, ishni paysalga solishi mumkin. Xalqning istagi shuki, ular hamjihatlik yo’lini tanlashsin”, - deydi tahlilchi Mark Penn.

Demokrat va respublikachilar saylov natijalarini turlicha talqin qiladi. Prezident Obama har ikkala partiyani o’zaro kelishib ishlashga da’vat etmoqda.

“Qaysarlik va tarafkashlik bilan hech narsaga erisha olmaymiz”, - deydi prezident.
“Yechimini kutayotgan muammolar talay. Tezroq ishga kirishish lozim”.

Biroq konservativ sharhlovchilar nazarida omma saylovda aynan Demokratik partiya olg’a surgan islohotlarga “yo’q” deya javob berdi.

“Demokratlar mag’lubiyatni tan olishi kerak. Fuqarolar “bizga bunaqa hukumat kerak emas” deb chiqayotgani hammaga ayon”, - deydi tahlilchi Eymi Holms.

Barak Obama Amerika sog’liqni saqlash tizimida keskin o’zgarishlar qilayotganini g’urur bilan tilga olsa-da, yangi qonunga qarshilik juda kuchli. Uning bandlari 2014 yilga borib, to’la kuchga kiradi.

Ammo Respublikachilar qonunni bekor qilishga bel bog’lagan. Tibbiy sug’urta barcha uchun majburiy qilib belgilangani, muxolifat nazarida, konstitutsiyaga zid. Masala Oliy Sudda ko’rilishi kerak, degan chaqiriqlar yangramoqda. Iqlim va immigratsiya sohalari ham islohotga muhtoj.

Siyosatshunos Mark Pennning prezidentga maslahati: hozir biror tomonga yon bosmasdan, iqtisodiyot bilan shug’ullansin.

Konservativ tahlilchi Eymi Holms ham shu fikrda. Davlat rahbari murosa yo’llarini izlashi kerak, deydi u.

“Respublikachilarni g’anim emas, hamkor deb qabul qilsa, ularning maslahatiga quloq tutsa, kelasi ikki yilda kichik o’zgarishlar qilish mumkin. Kunning shiori – kompromiss-murosa”, - deydi Eymi Holms.

2012 yilgi prezidentlik sayloviga hali vaqt bor, lekin tayyorgarlik boshlab yuborilgan.

Mark Penn 1994-2000 yillarda sobiq prezident Bill Klinton qo’lida ishlagan. Ommaviy so’rovlar bo’yicha mutaxassis. Obama harakat qilsa, deydi u, qayta saylana oladi.

“Fuqarolarni qiynayotgan masalalarga, ayniqsa, ish o’rinlari yaratishga ko’proq e’tibor zarur. Obamaga hamon ishonch bilan qaraydigan yoshlar, tarafdorlar ko’p”.

Siyosat o’zgaruvchan, deydi sharhlovchilar. 2012 yilgacha nimalar bo’lishini hozirdan aytish qiyin.