Rim Papasi Fransisk chet davlatlarga borganda qamoqxonalarga tashrif buyuradi. Shu oy AQShga kutilayotgan safari ham bundan mustasno emas. Filadelfiyadagi jazoni ijro etish muassasalaridan birida mahbuslar katolik rahnamosiga hadya qilish uchun kursi yasamoqda.
Filadelfiya shahar qamoqxonasidagi mahbuslar maxsus mehmon uchun o'z qo'llari bilan hadya hozirlamoqda.
Musulmon Hakim Burk ulardan biri.
"Yog'ochdan yasalgan bu kursini yanada chiroyli qilish uchun silliqlash va yog'lash ishlarini bajaryapman. Oxirgi pardoz ishlarini tugatib, uni papaga taqdim etamiz", - deydi u.
Istaxonada turli jinoyatlarda ayblanib qamalganlarga ozodlikka chiqqandan so'ng ish topishda qo'l keladigan hunarlar o'rgatiladi.
"Mahbuslar jihoz ustida bir oydan beri ishlashyapti. Shu oy qamoqxonada bo'ladigan marosimda ular kursini Papa Fransiskka tortiq qilishadi.
Fransisk hibsxonaga tashrif buyurgandan so'ng Filadelfiya San'at muzeyi oldida milliondan ortiq aholi huzurida ibodat marosimini o'tkazadi.
"Rim papasi umid uyg'otish, hanuz imkoniyat borligini ko'rsatish uchun kelyapti. Hali oldingizda hayot bor, demoqchi", - deydi qamoqxona rasmiysi Blench Karni.
Hakim Burk qurol ishlatish bilan bog'liq jinoyatda ayblangan, yaqinda ozodlikka chiqadi.
"Ilk bor qamalishim va bu oxirgisi ham bo'ladi", - deydi u.
Jamiyatga qayta qo'shilish oldidan Hakim Rim papasini ko'rish imkoniyatiga ega bo'ladi.