Bugun har yetti amerikalikdan biri qashshoqlikda yashaydi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Qashshoqlikka qarshi yarim asrlik kurash - War on Poverty in America

Amerikada yarim asr ilgari qashshoqlikka qarshi kurash e’lon qilingan. Kongressda hukmron ikki partiya bu kurashni davom ettirish ahdida qat’iy, ammo yondashuvlar turlicha.

Your browser doesn’t support HTML5

Har besh amerikalikdan biri muhtojlikda yashaydi/Shohruh Hamro


Obama ma’muriyatini noshudlikda ayblayotgan respublikachilar fikricha, gap pulda emas.

1964-yilning yanvarida prezident Lindon Jonson har besh amerikalikdan biri muhtojlikda yashayotganini bilar edi. U xalqqa ilk hisobotida bu masalani ko’tarib chiqdi.

“Hukumatimiz hozirdanoq qashshoqlikka qarshi ashaddiy kurash boshlaydi”, - degan edi Jonson.

Oradan 50 yil o’tib, bugun har yetti amerikalikdan biri nochor ahvolda. Respublikachi senator Marko Rubio deydiki, amaldagi siyosat ish bermayapti.

“Odamlarni tashabbuskorlikka, erkin bozor tomon chorlash o’rniga hukumat tadbirkorlik yo’liga to’siqlar qo’yish bilan band”.

Yangi yondashuv kerak, deydi Rubio.

“Kambag’allikka qarshi kurash dasturlari va ularga ajratilgan moliyani shtatlarning o’zi nazorat qilsin”.

Demokratlar esa kambag’allar va qariyalarni oziq-ovqat, tibbiy sug’urta va pensiya bilan ta’minlovchi programmalarni himoya qiladi.

Senator Dik Durbin:

“Ko’p tanqidga uchrayotgan 50 yillik harakatlar mahsulini sizga bir sanab beray: qariyalar uchun Medicare va kambag’allar uchun Medicaid tibbiy dasturlari yaratildi; boshlang’ich va o’rta ta’limga oid qonunlar qabul qilinib, shahar-qishloqlar ilk bor hukumatdan yordam oladigan bo’ldi; qancha-qancha o’g’il-qizlarga ta’lim olish uchun kredit va grantlar ajratildi”.

Tahlilchilarga ko’ra, yo’qsillikka qarshi kurash samarasiga aniq baho berish qiyin. Brukings institutidan Ron Xaskins 50 yillik harakatlar natijasini quyidagicha sarhisob qiladi:

Medicare, Medicaid va ijtimoiy himoya dasturining ahamiyati haqida qancha gapirsak ham kam. Kam daromadli oilalar va qariyalar shularga tayanadi, suyanadi”, - deydi u.

Olim Maykl Tanner fikricha esa Amerikada bechorahol odamlar kamayayotgani yo’q.

“To’g’ri, bu dasturlar sharofati bilan kambag’allar och-nahor ko’chada qolib ketayotgani yo’q, cho’ntagida bir-ikki so’m puli bor endi. Lekin ularni yo’qsillik changalidan qutqara olganimiz yo’q”.

Prezident Obamaning ta’kidlashicha, qashshoqlik bugunning eng dolzarb masalasi. Respublikachi va demokratlar har saylov oldidan ishsizliklar uchun kompensatsiya va oziq-ovqat talonlari ustida tortishishi odat bo’lib qolgan.