BMTdagi AQSh vakilining aytishicha, Vashington Ukrainaning Rossiya agressiyasiga qarshi kurashini va ochiq huhukmat tuzish harakatlarini qo’llab-quvvatlaydi.
Elchi Samanta Pauer Kiyevga kelib, yetakchi hukumat rasmiylari bilan uchrashuvda shu haqda gapirgan.
BMT yig’inlarida Ukrainaning yaqin himoyachisi sifatida ko’riladigan Pauer Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko bilan ham muloqot qilgan. Ular Ukraina kuchlari va rossiyaparast isyonchilar o’rtasida tuzilgan sulhni amaliyotga tatbiq etish haqida gaplashgan. So’nggi paytlarda tomonlar o’rtasida yana otishma boshlangani aytiladi.
Fevralda Minskda imzolangan kelishuvga kora, har ikki tomon og’ir qurollarni chegaradan olishi lozim edi. Xalqaro kuzatuvchilarga ko’ra, sulh shartlari bir necha bor buzilgan.
“Siz Ukrainada qanchalik mashhur ekaningizni tasavvur ham qila olmaysiz”, - degan Poroshenko Pauerning BMT Xavfsizlik kengashida Ukrainani himoya qilib chiqqan chiqishlariga ishora qilib.
Pauer BMT yig’inlarida Ukrainani himoya qilib, Rossiya diplomati Vitaliy Churkin bilan bir necha bor gap talashgan.
G’arblik rasmiylar nazarida, sharqiy Ukrainadagi isyon ortida Rossiya turibdi. 2014-yil fevralda ukrainaliklar Viktor Yanukovich hukumatini ag’darib, Yevropaga yaqinlashish yo’lini tutgandan beri Rossiya sharqiy viloyatlarda g’alayon boshlab Kiyevni jazolamoqchi, deydi kuzatuvchilar.