Amerikaliklar irqchilik tobora og'ir tus olayotganidan afsusda

  • Amerika Ovozi

Luiziana shtati, Baton Ruj shahrida uch politsiyachi otib o'ldirilgach, o'tkazilgan xotira marosimi.

Amerika ahli mamlakatda irqchilik tobora keskin tus olayotganidan tushkunlikda.

"Vashington Post" va "Ey-Bi-Si" o'tkazgan so'rovga ko'ra, 63 foiz aholi nazarida o'lkada irqiy ziddiyat kuchli. Yil boshida o'xshash so'rovda bunday fikrdagilar 48 foiz edi.

Afro-amerikaliklar orasida 72 foiz aholi irqlararo munosabatlar salbiy, deydi.

Yaqinda bir necha qora tanli politsiya o'qidan halok bo'lgani, shuningdek, politsiyachilar otib ketilgani bu kayfiyatga turtki bergan.

Tadiqotlarga ko'ra, prezidentlikka nomzod Hillari Klinton bu ziddiyatni hal qilish qo'lidan keladi deydiganlar 58 foiz atrofida. Uning raqibi, respublikachi Donald Tramp bu masalada ishni eplaydi deydiganlar esa chamasi 26 foiz.

Prezident Obama xalqqa haftalik murojaatida mamlakatda irqiy ziddiyat haqida samimiy muloqot-muhokama boshlashga undadi. "Bu haqda ochiq-oydin gaplasha olishimiz muhim. Nafaqat o'zimiz bilgan odamlar doirasida, balki keng jamoatchilik bilan muhokama boshlashimiz lozim. Ishonchsizlik, tushkunlik, sinizm, bepisandlik kabi kayfiyatga berilmay, umid va ishonch bilan yashaylik", - dedi u.