Breaking News

So'rov: AQShda irqiy bo'linish kuchli


AQSh rahbari Dallas shahrida otib o’ldirilgan besh politsiyachini xotirlash marosimida aholini tinchlanishga undadi. U so’nggi paytlarda politsiyaga nisbatan nega zo’ravonliklar kuchayganini tushunishini aytib, ayni paytda jamiyatning bo’linib qolganiga ishonmasligini ta’kidladi.

“Amerikaliklar nimani boshdan kechirayotganini tushunaman, - dedi Barak Obama. – Lekin men Dallasga umidsizlikni rad qilish uchun keldim. Biz ayrimlar o’ylagandek, bo’lingan emasmiz”.

“CBS News” telekanali hamda “New York Times” gazetasi prezidentning bu nutqidan bir kun o'tib e'lon qilgan so’rovning ko’rsatishicha, aslida vaziyat davlat rahbari o’ylagandan ko’ra yomonroq.

So’rovda qoralar va oqlar orasida tenglikka bo’lgan umid 1992-yildan beri eng quyi nuqtaga tushgani aniqlangan.

Amerikaliklarning 69 foizi irqiy munosabatlarga salbiy baho bergan. Faqat 26 foizi irqiy aloqalar yaxshiligini aytgan. Bu esa o’tgan yilga qaraganda 11 foiz kam.

Obama Oq uyda huquq-tartibot organlari rasmiylari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham uchrashib, ular bilan muammoga yechim topish yo'llari haqida to’rt soatga yaqin gaplashdi.

Yig’in ortidan Obama muammo jiddiy ekanini tan olgan, lekin 60-yillardan beri mamlakat irqiy tenglik bo’yicha ancha muvaffaqiyatga erishganini ham qayd etgan.

Prezident so’zlariga raddiyadek yangragan so’rovda qora tanli amerikaliklarning yarmidan ko’ri Dallasdagi qotillik nega ro’y berganidan ajablanmasligini aytgan. Oq tanlilarning ham yarmiga yaqini shunday fikrda.

Oqlar va qoralar aloqalari yaxshilanyaptimi, deya so’ralgan savolga faqat to’qqiz foiz qatnashchi “ha” deb javob bergan. O’tgan yili bundaylar soni 21 foiz edi.

So’nggi yillarda politsiyaga qarshi namoyishlar ko’paydi. O’tgan oy Minnesota va Luiziana shtatlarida navbatdagi ikki qora tanli yigitning politsiya tomonidan otib o’ldirilishi politsiyaga qarshi namoyishlarni yanada kuchaytirdi.

Dallasda besh politsiyachining pistirmadan turib otib tashlanishi ana shu keskin pallada ro’y berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG