Shimoliy Karolina shtatidagi masjidlarga yaqindan nazar

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Karolina shtatidagi masjidlarga yaqindan nazar

Shimoliy Karolina shtati poytaxti Rali shahrida uch musulmon sudga tortilmoqda. Tergovchilarning aytishicha, ular ommaviy xurujlar rejalagan.

2001 yilning 11-sentabridan beri Amerikada terrorizmda ayblanib 200 fuqaro ushlangan. Bu shaxslar faoliyati va xatti-harakatlari haqida politsiyani ko'p hollarda mahalliy imom va jamoatchilik ogoh qilgan.

To’rt yashar Abdulrahmon Asal bog’chaga qatnaydi. Otasi uni “ko’zimning yorug’i”, “toychog’im” deb erkalaydi. Masjidga ham olib boradi.

Ota, Samih Asal, mahalliy imom. Rali shahridagi islomiy markazni boshqaradi. Bu yer terroristlar yetishtiradigan dargoh emas, deydi u. Bu yerga kelganlar islomning asl mohiyatini o’rganadi.

Imom Samih Asal

"Bu maskanda nafaqat ilm beramiz, balki yoshlarni tarbiyalaymiz ham. Farzandlarimiz birdam bo’lsin, mehrli bo’lsin, bir-biriga suyansin, yakkalanib qolmasin deymiz",- deydi Samih Asal.

Imom fikricha, yoshlarning yakkalanib qolishi - jiddiy muammo.

Muhammad Umar Ali Hasan, Ziyod Yog’iy va Husan Sharifiy, shu kunlarda ishi sudda ko'rilayotgan yoshlar, shu masjidga qatnagan.

To’rtinchi shaxs, Daniel Patrik Boyd, to’da boshlig’i deb atalgan amerikalik, aybiga iqror bo’lgan. Masjid bu odamga aslida yoqmagan ekan.

Oddiy amerikaliklar masjidlar haqida yaxshi bilmaydi. Bilsa ham, ko’p hollarda, ularga shubha bilan qaraydi.

Rali shahridagi islomiy markaz, masjid

"Masjid toat-ibodat qiladigan muqaddas dargoh. U yerda mehr-muruvvat, xayr-ehson va e’tiqod haqida gaplashamiz. Ollohga yaqinlashamiz".

Imom deydiki, islom tinchlikni targ’ib qiladi, insonlarni yorug’lik tomon yetaklaydi.

Mahalliy hokimiyat, xususan xavfsizlik organlari bugunga kelib bunday masjidlar bilan yaqindan hamkorlik qila boshlagan. Islomiy markazlarga nisbatan ishonch katta, deydi rasmiylar.

Shu kunlarda Rali shahrida sudga tortilayotgan musulmon yoshlar

Dyuk Universiteti professori Deyvid Shanzer masalani izchil o’rganib chiqqan. Mutaassiblikning oldini olishda masjidlarning roli muhim, deydi u.

"Musulmon markazlari bo’ladimi, ilmiy dargohlar, xayriya tashkilotlari… Ular odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, ayniqsa yoshlarni faollikka chorlaydigan tashabbuslar. Yosh avlod o’zini qiynagan savollarga mana shunday joylardan javob ola bilishi kerak. Ular murakkab masalalarga yechimni mutaassiblikdan izlamasin",- deydi Shanzer.

Olimning kuzatishicha, Amerika musulmonlari o’z sha’ni va dinini himoya qilishga bel bog’lagan.

Zo’ravonlik yoki biror xatardan darak beruvchi holat sezilsa, darrov muhokama qilinadi va tegishli idoralarga xabar beriladi.

Imomlar ommaga murojaatlarida terrorizmni qoralab, tinchlik va hamjihatlikni ulug’laydi.