AQSh Davlat departamenti 2016-yil uchun xalqaro diniy erkinliklar bo'yicha yangi hisobotini e'lon qildi. Unda 200 ga yaqin davlatdagi diniy erkinlik bo'yicha vaziyatga baho berilgan. Shuningdek, hukumatlar, terrorchi guruhlar va shaxslar tomonidan diniy erkinlik huquqining toptalishi va cheklanishi holatlari qayd etilgan.
Hujjatda "Islomiy davlat" jangari to'dasi o'tgan yili Yaqin Sharqda diniy va etnik ozchilik guruhlarga qarshi sodir etgan jinoyatlar alohida tilga olingan.
Unda yozilishicha, terrorchi guruh turli diniy va etnik guruh vakillarini nishonga olib, odam o'g'irlash, zo'rlash, qul qilish va o'ldirish kabi vahshiyliklarni sodir etgan.
IShID o'z nazoratidagi hududlarda yazidiylar, nasroniylar va shia musulmonlarning ommaviy qatli uchun mas'ul, deyiladi hisobotda. Shuningdek, guruh etnik tozalash va insoniyatga qarshi boshqa jinoyatlarda ayblanadi.
"Biz inson huquqlari va fundamental huquqlar himoyasini kuchaytirish ishida qat'iymiz. Bu hisobotning e'lon qilinishi o'z e'tiqodlariga ko'ra tinch hayot kechirishni istaydigan dunyodagi barcha odamlarga o'z ovozlarini eshittirish imkonini beradi", - deydi hisobotni kirish so'zi bilan ochib bergan AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson.
Tillersonga ko'ra, zo'ravon ekstremizm nishoniga aylangan guruhlarni himoya qilish Tramp ma'muriyati uchun inson huquqlari borasidagi muhim vazifa bo'lib qoladi.
AQSh Davlat kotibi diniy erkinliklar toptalayotgan ayrim davlatlarni alohida tilga olib o'tdi.
"Eronda bahailar, nasroniylar va boshqa ozchilik guruhlar e'tiqodlari uchun tazyiqqa olinmoqda. Eron shakkoklikka oid mavhum qonunlari ostida odamlarni o'limga hukm qilishda davom etyapti. 2016-yilda 20 odam shunday yo'llar bilan qatl etilgan. Bahai jamoati o'z e'tiqodiga ergashgani uchun bugun qamoqda o'tiribdi", - dedi Tillerson.
Davlat kotibiga ko'ra, dunyo aholisining 80 foizi diniy erkinlik cheklangan sharoitlarda yashaydi.
"Vijdon erkinligi himoya qilinmagan joylarda beqarorlik, inson huquqlari toptalishi va zo'ravon ekstremizm ildiz otish ehtimoli yuqori bo'lishini bilamiz. Bu holatlarni rad eta olmaymiz", - dedi u.
Hisobotda dindorlarning tazyiqqa olinishi dunyo bo'ylab keng tarqalgani xavotir bilan tilga olinadi.
Hisobotda Markaziy Osiyo davlatlari ham qamrab olingan. Bu o'lkalarda diniy erkinlik bo'yicha vaziyat og'ir ekani qayd etib kelinadi.
Masalan, hisobotga ko'ra, O'zbekistonda 2015-yilda besh mingdan 15 minggacha bo'lgan odam diniy e'tiqodi sabab hibsga olingan. Oz sonli diniy guruhlar hamda davlat ruxsat bergan doiradagi rasmiy islomdan tashqarida e'tiqod va ibodat qiluvchi musulmonlar hukumat tazyiqiga uchrab kelishi aytiladi.
O'zbekiston 2006-yildan beri AQSh hukumati tomonidan "Alohida xavotirga molik davlatlar" ro'yxatiga qo'shilgan.
Davlat departamentining so'nggi hisobotida Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan beri mamlakatda yuz bergan o'zgarishlar tilga olinmagan.