Qo'shma Shtatlar Ruminiyaga F-22 rusumli qiruvchi samolyotlarini yubordi. Amerika shu bilan Yevropa sharqida Rossiya tahdidi bilan yuzlashayotgan bu ittifoqchi mamlakatga dalda bermoqda.
Jangovar samolyotlar dushanba kuni mamlakat janubi-sharqidagi harbiy havo bazasiga yetib borgan.
"Amerika va Ruminiya mustahkam hamkorlikka ega", - dedi AQShning Ruminiyadagi elchisi Xans Klemm.
Yevropa mudofaasini mustahkamlash, NATO, xususan, Ruminiya himoyasini kuchaytirish yo'lida qilinayotgan ish bu, deydi u. Ayniqsa, oxirgi uch yilda Rossiya Yevropaning bu qismida beqarorlik tug'dirayotgan paytda bu g'oyat muhim, deydi elchi.
Amerika rasmiylarining aytishicha, F-22 samolyotlari havodagi tahdidni oldindan aniqlab, yo'q qilishga qodir. Yerdagi nishonlarni ham urishi mumkin.
Samolyotlar NATOning harbiy mashqlari doirasida safarbar etilgan va hafta oxirida harbiy alyansning boshqa ittifoqchi davlati tomon yo'l oladi.
Rossiya 2014-yilda Ukrainaning Qrim mintaqasini o'z hududiga qo'shib olib, Ukraina sharqida isyonchilarni qo'llab-quvvatlagandan so'ng, Amerika NATOning sharqdagi ittifoqchilari mudofaasini mustahkamlashga kirishdi.
Your browser doesn’t support HTML5